AsosiyJamiyat

Xalqaro musobaqada IIV xodimi oltin medalni qo`lga kiritdi

'Xalqaro musobaqada IIV xodimi oltin medalni qo`lga kiritdi'ning rasmi

20 fevral kuni Belorussiya poytaxtida joylashgan “Minsk” sport saroyida sambo bo`yicha Prezident sovrini uchun XXIV xalqaro “A” toifadagi musobaqa start oldi. Minsk shahrida o`tkazilgan turnirda yana bir bor dunyoning 24 mamlakatidan tashrif buyurgan eng kuchli sambochilar ishtirok etishdi. Ushbu xalqaro musobaqada Sambo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi va Jangovar sambo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi munosib ishtirok etib, 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo`lga kiritdilar. Jangovar sambo bo`yicha umum jamoa hisobida 2-o`rinni egalladi. Ichki ishlar vazirligi Maxsus operasiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Navoiy viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi safdor xodimi Qudratov Istam Safar o`g`li 74 kg vazn toifasida faxrli 1-o`rinni egallab, oltin medalni qo`lga kiritdi. Istam Qudratov musobaqa davomida umumiy hisobda 4 ta jang o`tkazdi. Yarim finalda Turkmaniston vakili Bayliev Allanazar bilan jang olib bordi. Finalda esa Ukraina vakili Krasnojon Vitaliy bilan to`qnash keldi va mutloq ustunlik bilan vatanimiz sha`nini himoya kildi.

Bugun 22 fevral kuni tongda chempionlarimiz I.A.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bayramona tarzda kutib olindi. Kutib olish jarayonida Ichki ishlar vazirligi Maxsus operasiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi mas`ul xodimlari va IIV Alohida na`munali-ko`rgazmali orkestri ishtirok etdi. Go`zal kuy-qo`shiqlar sportchilarimiz va boshqa tadbir ishtirokchilariga a`lo kayfiyat bag`ishladi. IIV tizimida Istam Qudratov kabi yurtimiz bayrog`ini jahon arenalarida yuqori cho`qqilarga olib chiqadigan xodimlar soni yanada ko`payishiga tilakdoshmiz, deyiladi IIV Axborot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar