Samarqandda homilador ayol va uning 5 yoshli o`g`lini simyog`och bosib qoldi. Hodisa Mahmud Qoshg`ariy ko`chasidagi №35 maktab oldida, kech soat 20.00 atrofida sodir bo`lgan.
Hodisadan jabr ko`rgan U.R va uning besh yoshli o`g`li kasalxonaga olib borilgan. Guvohlardan biri Andrey Boltaevning ma`lum qilishicha, avvaliga qarsillagan baland ovoz, so`ngra esa bola yig`isi eshitilgan. Voqea joyiga etib borgan guvoh ayol kishini simyog`och bosib qolganini ko`rgan, uning yonida esa bola yig`lab turgan edi.
Shundan so`ng bir necha kishi yon-atrofdan o`tib ketayotgan «Tez yordam» mashinasini to`xtatgan. Ammo shifokorlar boshqa chaqiriqqa ketayotganini ro`kach qilib, yordam bermagan. Qo`ng`iroq qilib chaqirilgan ikkinchi «Tez yordam» brigadasi esa 15-20 daqiqa o`tib etib kelgan.
Bunga qadar odamlarning o`zi simyog`ochni ko`tarib, ayolni chiqarib oldi va jabrlanganlarni kasalxonaga etkazdi. E`tiborli tomoni, yordam berish uchun to`xtagan taksi haydovchisi jabrlangan ayolning turmush o`rtog`i bo`lib chiqqan.
Hodisa natijasida ayolda miya chayqalishi kuzatilgan va bir qator tana jarohatlari olgan. Bolaning esa oyog`i jarohatlangani xabar qilindi.
Shahar ahli bir necha bor simyog`och xavfli holatda turgani haqida shikoyat qilgani, ammo ma`muriyat hech qanday chora ko`rmagani aytilmoqda.
22.02.2020 06:17
Samarqandda homilador ayol ustiga simyog`och qulab tushdi






