AsosiyJamiyat

G`uzorda yana tomosha: Hokim va yoshlar uchrashuviga hokim kelmadi

'G`uzorda yana tomosha: Hokim va yoshlar uchrashuviga hokim kelmadi'ning rasmi

Kecha, 21 fevral kuni G`uzor tumanidagi 6-umumiy o`rta ta`lim maktabida Hokim va yoshlar uchrashuvi o`tkazilishi kerak edi. Uchrashuv o`tkazildi, faqatgina uchrashuvga hokim kelmadi.

Shundan so`ng, tuman hokimligi tahririyatga e`tiroz bildirib,Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish uchun lavozimga tayinlangan Alisher Bo`riev tashrif buyurgani, hozirda tuman hokimi Sa`dulla Boboqulov sog`ligida muammo boriligi uchun vaqtinchalik ta`tilga chiqqanini «pesh» qilib , vazifani vaqtincha bajaruvchi o`rinbosarga bu borada buyruq chiqarilganini ham aytgan edi.

Ammo tahririyat xodimlariga hali ham bu buyruq taqdim etilmadi.

Kechagi uchrashuv ham sahnalashtirilgan tomosha bo`ldi.

Uchrashuvga borgan «Nasafnews» manbasiga ko`ra, hatto tadbirga uyushmagan yoshlar qatlami taklif etilmagan.

O`rindiqlar bo`sh, tadbir fayzsiz o`tgan.

Tabiiyki, bu holat bo`yicha yana tuman hokimligining fikrini bilishga qiziqdik.

G`uzor tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Xudoyberdi Yo`ldoshevning aytishicha, uchrashuvga hokim vazifasini bajaruvchi Alisher Bo`riev kelishi kutilayotgan edi. Ammo u viloyatdan kelgan ishchi guruh bilan band bo`lib, hokim va yoshlar uchrashuviga borolmagan.

Maktabda faqatgina yoshlar bilan uchrashuv emas, balki sayyor qabul ham tashkil etilgan. Tadbirda hokimning o`rinbosarlari fuqarolar murojaatlarini tinglagan.

Avvalroq Yoshlar bilan uchrashuvlar viloyat hokimi o`rinbosari Dolli Allaev tomonidan tanqid ostiga olingan edi.

-Uchrashuv natijalari ham qoniqarli emas, sovg`a berish yoki qarsak chalish bilan ish bitmaydi. Bizga natija kerak, ishsiz, muammoli yoshlarga quloq tutishimiz darkor. Afsuski, ayrim uchrashuvlar faqatgina televediniya uchun tashkillashtirilgan,- deb ta`kidlagandi Dolli Allaev.

    Boshqa yangiliklar