AsosiyJamiyat

“Oqibatlar bilan kurashaversak uzoqqa borolmaymiz”. Narimon Umarov ham Oltinsoy voqeasiga munosabat bildirdi

'“Oqibatlar bilan kurashaversak uzoqqa borolmaymiz”. Narimon Umarov ham Oltinsoy voqeasiga munosabat bildirdi'ning rasmi

Xabaringiz bor, 15 fevral, shanba kuni, ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o`rtasida to`qnashuv sodir bo`lgani haqidagi video tarqaldi.

Shundan so`ng, holat yuzasidan IIVning va Bosh prokuraturaning rasmiy ma`lumotlari berildi. Vaziyat keskin tus olgani sabab Surxondaryo viloyati hokimi ushbu hududga tashrif buyurib, jabrdiyda xalq bilan yuzlashdi. Ushbu voqealarning eng shov-shuvlisi esa Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirovning voqeaga nisbatan munosabati bo`ldi. Aholining harakatlarini qoralagan deputat ularga munosib jazo berilishini talab qilgani keng jamoatchilik tomonidan tanqidlarga sabab bo`ldi. Kuni kecha Xalq deputatlari  Arnasoy tuman kengashi deputati, "Adolat" partiyasi vakili Farruh ABDUHAMIDOV ham ushbu hodisa va "snos" masalasiga munosbat bildirgan bo`lsa, ayni paytda “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov ham vaziyatga ob`ektiv baho berdi.

"O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi ushbu jarayonda adolat qaror topishi uchun har ikkala tomon ham tinglanishi, vaziyat chuqur o`rganilishi lozim deb hisoblaydi.

Sug`oriladigan erlarning har bir qarichidan maqsadli foydalanish darkor, chunki aholimizni xavfsiz oziq-ovqat bilan ta`minlash o`ta muhim masaladir.

Aksariyat hollarda er egalari bo`lgan fermerlar nopok yo`llarga kirib, ular tomonidan dehqonchilikka mo`ljallangan er maydonlari uy, binolar qurishga ajratilayotganligini noqonuniy harakat deb baholaymiz.

Bunday hollarda eng avvalo, ushbu erlarni ajratishga javob berganlar qonuniy javob berishi kerak. Shundagina adolat ta`minlanadi. Shuning uchun fuqarolar uy qurishi uchun sharoit yaratib bergan fermer yoki boshqa mutasaddilarning javobgarligi kun tartibiga chiqarilishi zarur. Biz hozir sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashmoqdamiz. Bu zaylda ketadigan bo`lsa, bunday holatlar ertaga boshqa hududda ham kelib chiqishi aniq.

Shuning uchun bu jarayonda asosiy e`tiborni vaziyatni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratilsa maqsadga muvofiq bo`lar edi.

Qaerda qonun ustuvor bo`lsa, o`sha erda adolat hukm suradi, rivojlanish bo`ladi", — o`z mulohazalarini bildirgan partiya rahbari. 

Eslatib o`tamiz,  O`zbekistonning ko`zga ko`ringan, faol blogerlar kanallarida Alisher Qodirovga atalgan munosabatlar ommaviy aks etmoqda.

    Boshqa yangiliklar