O`zbekistonlik erkin kurashchi Hasanboy Rahimov (-125 kg) antidoping qoidalarini buzganligi sababli 2020 yilda Tokioda bo`lib o`tadigan Olimpiya o`yinlariga lisenziyadan mahrum qilindi. Bu haqda Butunjahon kurash birlashmasi manbasi GoSport.uz internet-nashriga ma`lum qildi.
Manbaga ko`ra, Xalqaro sinov agentligi ( International Testing Agency) sportchining qonida taqiqlangan moddalar mavjudligini aniqlagan va sportchi xalqaro musobaqalardan chetlatilgan.
O`zbekistonlik Hasanboy Rahimovdan tashqari suriyalik Badha Xutaba (-125 kg) va fransiyalik Zelimxon Hojiev (-74 kg) ham qonidan doping topilgani sababli diskvalifikasiya qilingan.
Ma`lumot uchun, 2019 yilning sentyabr oyida Qozog`istonning Nur-Sulton shahrida bo`lib o`tgan Jahon chempionatida erkin kurash bo`yicha dastlabki lisenziyalar o`ynalgan va unda Hasanboy Rahimov ham bronza medalini qo`lga kiritib, lisenziyaga ega chiqqandi.
Ammo diskvalifikasiya O`zbekiston terma jamoasiga taalluqli bo`lmaydi. Boshqa bir kurashchiga mart oyida bo`lib o`tadigan olimpiadaga saralash musobaqalarida qatnashish huquqi beriladi. Sportchi lisenziyani qo`lga kiritish imkoniyatiga ega bo`ladi.






