AsosiyJamiyat

Nurafshon shahriga metro qatnovi yo`lga qo`yiladi

'Nurafshon shahriga metro qatnovi yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahri Toshkent shahri bilan metro orqali bog`lanadi. Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bu haqda bosh vazirning birinchi o`rinbosari Ochilboy Ramatov Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida o`tkazilgan yig`ilishda aytib o`tdi.

19 fevral kuni Nurafshon shahrida – viloyat hokimligi majlislar zalida O`zbekiston Prezidentining maslahatchisi Sherzod Kudbiev, Bosh vazirning birinchi o`rinbosari Ochilboy Ramatov, Bosh vazir o`rinbosari Jamshid Qo`chqorov ishtirokida yig`ilish o`tkazildi.

Yig`ilishda davlat rahbarining Toshkent viloyatiga o`tgan yil iyun oyida qilgan tashrifida berilgan topshiriqlarning ijrosini borishi, hududni 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar bo`yicha dastlab Prezident maslahatchisi Sherzod Kudbiev so`zga chiqib, davlat hokimiyati organlari rahbarlari, eng avvalo, xalq ishonchi va mehrini qozonishi shartligi, bu – ularning faoliyatiga baho berishning eng asosiy mezoni ekanini ta`kidladi. Prezident maslahatchisi, shuningdek, topshiriqlar natijadorligi bo`yicha boshqa ustivor jihatlarga alohida to`xtaldi.

Yig`ilishda tashkiliy masala ko`rildi – Toshkent viloyati hokimiga ikkita yangi o`rinbosar; Toshkent viloyati Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig`i, uning o`rinbosarlari tayinlandi.

Kun tartibidagi masalalar bo`yicha Bosh vazirning birinchi o`rinbosari Ochilboy Ramatov nutq so`zladi. U davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarning ijrosi yuzasidan hududlar kesimida fikr bildirdi. Viloyatning ma`muriy markazi – Nurafshon shahrini zamonaviy shaharsozlik andozalariga mos ravishda barpo etishda yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar, sustkashliklar, ularning sabablari yuzasidan o`z mulohazalarini bayon qildi.

«Yaqin istiqbolda Nurafshon shahriga metro qatnovi yo`lga qo`yiladi. Shuningdek, infrastrukturani rivojlantirish masalalari bo`yicha ayni paytda viloyat hokimligi bilan qat`iy ish olib borayapmiz. Ichimlik suvi, yo`l qurilishi, kommunikasiya va kanalizasiya tarmoqlarini qurish bo`yicha katta hajmdagi ishlar jadal davom etmoqda», — degan Ochilboy Ramatov.

Shuningdek, Bosh vazir o`rinbosari Jamshid Qo`chqorov so`z olib, O`zbekiston milliy iqtisodiyotida Toshkent viloyatining tutgan alohida o`rni, nufuzi bo`yicha fikr bildirdi.

«Hech bir mubolag`asiz aytish kerakki, mamlakatimizning milliy iqtisodiyoti – Toshkent viloyati iqtisodiyotining rivojlanishida aks etadi. Shu paytgacha davlatimiz rahbarining topshirig`i va ko`rsatmalari bilan amalga oshirilgan ishlarning maromi hudud potensialiga nisbatan olganda qoniqarli deb bo`lmaydi. Yangi tayinlangan rahbarlar viloyat hokimi atrofida mahkam jipslashib, ishni tashkil qilsa, o`ylaymanki, natija yanada yuksakroq bo`ladi», — dedi u.

Kun tartibidagi masalalar bo`yicha Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov fikr bildirib, hududda qonun ustuvorligi, Prezident qaror va farmonlari, topshiriqlarini so`zsiz ijro etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida gapirdi.

«Prezident maslahatchisi, Bosh vazir o`rinbosarlari, yangi tashkil etilgan vazirlik rahbarining viloyatimizga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e`tibor, munosib baho berayotgani, viloyat hokimligi mamlakatimiz miqyosida eng etuk ijrochi kadrlar bilan kuchaytirilgani ayni muddao bo`ldi. Biz Vatan, davlat rahbari, el-yurt oldida to`la mas`uliyatni o`z zimmamizga olib, viloyatni Respublikamizdagi eng rivojlangan hududga aylantirish bo`yicha bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etamiz»,—  degan viloyat hokimi.

    Boshqa yangiliklar