Kecha, 19 fevral kuni ijtimoiy tarmoqda “Ayol prokuratura oldida o`zini yoqdi. Uni qutqarmoqchi bo`lgan otasi kuydi” sarlavhali maqola chop etildi. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o`rganish natijalari Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov tomonidan “darakchi.uz”ga taqdim etildi.
Aniqlanishicha, kuyganligi e`tirof etilayotgan fuqaro O.Mustafoev va uning oila a`zolari Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi “T.Sh. Invest” MChJga qarashli er maydonining bir qismini biron-bir hujjatsiz egallab, noqonuniy qurilish amalga oshirishgan.
Da`vogar “T.Sh. Invest” MChJ raisi S.B. javobgar O.Mustafoevni oila a`zolari bilan jamiyatga qarashli er maydonidan majburiy tartibda chiqarish, noqonuniy qurilmalarni javobgarlar hisobidan buzdirish va tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilmaslik majburiyatini yuklash haqida fuqarolik ishlari bo`yicha sudga murojaat qilgan.
Fuqaro O.Mustafoev va uning oila a`zolari sud tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishini kutmasdan ushbu holat bo`yicha viloyat prokuraturasiga murojaat qilishgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan O.Mustafoevga ish fuqarolik suddida hal etilayotgani, barcha vajlariga sud muhokamasi jarayonida baho berilishi haqida qonuniy tushuntirishlar berilgan.
Bundan tashqari, 2020 yil 18 fevral kuni ham O.Mustafoev oila a`zolari bilan birga viloyat prokuraturasida Koson tumani hokimi ishtirokida qabul qilinganda qurilishga 20 mln. so`m sarflanganligini iddao qilishgan. Tuman hokimi tomonidan ularga qurilish noqonuniyligi va buzilishini, ammo kelgusida qonuniy er uchastkasi ajratilishi va qurilishga homiylik yordami ko`rsatilishi tushuntirilgan bo`lsada, bu taklifni rad etishgan.
Shundan keyin, O.Mustafoev va uning oila a`zolari, nizoli uyda 2020 yil 19 fevral kuni ertalab fuqarolik ishlari bo`yicha sud`ya, ekspert va mutaxassislar tomonidan o`lchov ishlari amalga oshirilayotganligidan norozi bo`lib, viloyat prokuraturasiga soat 10.30 larda kelib, ishni o`z foydasiga hal etish maqsadini ko`zlab, viloyat prokuraturasi binosi yaqinida ustiga qisman yoqilg`i sepib, provakasion harakatlar sodir etishgan.
RShTYoIM viloyat filialining 19.02.2020 yildagi ma`lumotnomasiga ko`ra, fuqaro O.Mustafoevning elka va bo`yin sohasida 5-6 foiz engil kuyish jarohati aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






