Mamlakamiz mustaqillikka erishgan ilk davrlardanoq ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli sohalari qatori, Ichki ishlar vazirligi tizimida ham qardosh Turkiya davlati bilan o`zaro hamkorlik amalga oshirilib kelinmoqda.
O`tgan davr mobaynida Turkiya va O`zbekiston Respublikalarining huquqni muhofaza etish tizimlari o`rtasida o`tkazilgan ko`plab tadbirlarda tinchlik va osoyishtalikni ta`minlash, jamoat tartibini saqlash kabi yo`nalishlarda qator ilg`or tajribalarni almashish imkonini bermoqda.
Hozirgi innovasion rivojlanish jadal tus olgan davrda, respublikamiz hududida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash sohasida ham zamonaviy tizimni joriy etib borishni taqozo etmoqda. Buning uchun shu sohada bir emas, balki bir necha xorijiy ilg`or tajribalarni chuqur o`rganish asosida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash tizimini takomillashtirib borishimizni talab etadi.
Shu munosabat bilan uzoq tarixga ega bo`lgan qardosh Turkiya davlatidagi jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash tizimiga nazar tashlasak.
Turkiyada birinchi polisiya birliklari Usmoniylar imperiyasi davrida paydo bo`lgan.
1845 yilda polisiyaning vazifalari va majburiyatlarini belgilab beruvchi qoidalar qabul qilingan. O`sha davrda ushbu birliklar harbiylashtirilgan funksiyalarini bajargan. 1909 yilda Turkiya milliy polisiyasining Xavfsizlik bosh direktorati tashkil etilib, 1913 yilda Ichki ishlar vazirligi tomonidan Direktorat vazifalarini belgilovchi yo`riqnoma, keyinchalik 1932 yilda polisiyani tashkil etish to`g`risida qonun qabul qilingan.
Qabul qilingan yo`riqnomalar 1934 yil “Polisiyaning vakolatlari va vazifalari to`g`risida”gi qonunning qabul qilingunga qadar amalda bo`lgan. 1937 yilda polisiya xodimlarining huquqlari, majburiyatlari va vakolatlarini tartibga soluvchi “Xavfsizlikni tashkil etish to`g`risida”gi qonun qabul qilingan va unga 2008-2009 yillarda muhim o`zgartirishlar kiritilgan.
Hozirda Turkiya polisiyasi respublika Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiradi va uning tarkibida Xavfsizlik bosh direktorati mavjud.
Turkiya polisiyasining vazifalariga quyidagilar kiradi:
jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va ularning mol-mulkini xavfsizligini ta`minlash;
huquqbuzarlarni aniqlash va javobgarlikka tortish;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish;
qonun, nizom va hukumat normativ-huquqiy xujjatlarida belgilangan boshqa vazifalarni bajarish.
Polisiyaning davlat birligini saqlab qolish va konstitusiyaviy tartibotni ta`minlash siyosiy vazifalari ham mavjud. Bundan tashqari, polisiya ma`muriy funksiyalarni, ya`ni xavfsizlik choralarini va boshqa organlarga yordam berishni ham amalga oshiradi.
Turkiyada ichki xavfsizlik va jamoat tartibini himoya qilish polisiyaning uch tarmog`i tomonidan amalga oshiriladi:
1) shaharlar hududlari uchun mas`ul bo`lgan Turkiya milliy polisiyasining Bosh Direktorati;
2) qishloq joylar uchun mas`ul bo`lgan Jandarmeriya bosh qo`mondonligi;
3) mamlakat qirg`oqlarini himoya qiluvchi Sohil xavfsizlik qo`mondonligi.
Turkiya milliy polisiyasining bosh direktorati markaziy tashkilotga va hududiy bo`linmalarga bo`linadi. Markaziy tashkilot ancha murakkab tuzilishga ega.
Turkiya polisiyasini Bosh direktor boshqaradi. Unga ettita departament, shu jumladan Ofis, Matbuot va protokol munosabatlari direktorati, razvedka departamenti, maxsus operasiyalar departamenti, inspeksiyalar departamenti, nazorat organi va polisiya rahbarlarning markazi bo`ysunadi.
Bosh direktorga beshta o`rinbosar yordam beradi, ularning har biri bir nechta departamentlarni boshqaradi. Masalan, o`rinbosarlardan biri Xalqaro munosabatlar, Evropa ishlari, chegaralar va migrasiya hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bo`yicha mas`uldir.
Turkiya ma`muriy jihatdan viloyat, shahar va tumanlarga bo`linadi. Turkiyada 81 ta viloyat polisiya direktorati, ularga biriktirilgan 751 ta shahar polisiya direktorati, 22 ta chegara o`tish punktlar direktorati, 18 ta erin zonalarda polisiya uchastkalari va 834 polisiya uchastkalari mavjud.
Polisiyaning markaziy tashkiloti Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek viloyatlarda polisiya rahbarlari viloyat gubernatorlariga va tuman rahbarlariga ham bo`ysunadi.
Turkiya Jandarmeriyasi – xavfsizlik, huquq-tartibotni saqlaydigan harbiylashtirilgan qurolli tashkilotdir. U “Jandarmeriyani tashkil etilishi, uning vazifalari va vakolatlari to`g`risida”gi qonun asosida tashkil etilgan va faoliyat yuritadi.
Jandarmeriya xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash uchun javobgar va qonunlarda belgilangan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Jandarmeriya Bosh qo`mondonligi Ichki ishlar vazirligiga bo`ysunadi. Jandarmeriyaning javobgarlik hududi, polisiya faoliyat olib boradigan hududlardan tashqari hisoblanadi.
Jandarmeriya to`rtta asosiy funksiyani amalga oshiradi:
1. Ma`muriy – jinoyatlarning oldini olish, kontrabanda holatlarini surishtirish, tergov qilish va Jazoni ijro etish departamentning muassasalarini qo`riqlash.
2. Huquqiy – jinoyatchilarni aniqlash, ushlash va tashish, jinoyat ishlari bo`yicha dalillarni tegishli organlarga taqdim etish.
3. Harbiy – Oliy qo`mondonlik vakolatnomasiga asosan mamlakatning harbiy qonun va qoidalariga rioya etilishini ta`minlash.
4. Boshqa vazifalar, ya`ni qonunlar, nizomlar va hukumat qororlarida belgilangan boshqa vazifalarni bajarish.
Jandarmeriyaning Bosh qo`mondonligi tizimiga uning shtab-kvartirasi va bo`linmalari, xavfsizlik bo`linmalari, chegara bo`linmalari, ta`lim muassasalari, ma`muriy va moddiy-texnik ta`minoti bo`linmalari kiradi.
Sohil xavfsizligi. Turkiya sohil soqchilari 1982 yildagi “Sohilni qo`riqlash xaqida”gi qonunga asosan tashkil etilgan. Sohil qo`riqchilari o`z vazifalarini Turkiyaning hududiy va ichki suvlari, eksklyuziv iqtisodiy zonasi va qit`a suvosti hududlarida bajaradilar.
Turkiya Sohil qo`riqlash qo`mitasi hududiy suv xavfsizligini muhofaza qilish, dengizda hayot va mulk xavfsizligini ta`minlash, kontrabanda faoliyatining oldini olish, qidiruv-qutqaruv operasiyalarini amalga oshirish, suv havzalarining ifloslanishini oldini olish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Turkiya Sohil qo`riqlash qo`mitasi tizimida to`rtta hududiy bo`linma, xususan Qora dengiz, Bo`g`ozlar va Marmar dengizi, Egey dengizi, O`rtaer dengizi bo`yicha bo`linmalar mavjud:
Sohil qo`riqlash shtab-kvartirasida ta`lim va tayyorgarlik boshqarmasi, havodan ko`mak berish boshqarmasi, jangovar qo`riqlovni ta`minlash markazi, oltita jangovar qo`riqlash guruhlari mavjud.
Turk polisiyasining uchta tarmoqlarining har birida xodimlarga qo`yiladigan talablari mavjud.
Turkiya xavfsizlik Bosh direktorati polisiyaning qo`mondonlar tarkibi (turli pog`onadagi) ofiser xodimlaridan va ishchi-xizmatchilardan tashkil topgan. Qo`mondonlik tarkibi Turkiya polisiyasi bosh direktori, polisiyaning 1-4 pog`onadagi superintendant, bosh inspektor, inspektor, inspektor o`rinbosari, polisiya ofiserlarni o`z ichiga oladi.
Polisiya xodimlari ikki turdagi ta`limni oladi. Jumladan, Xavfsizlik Bosh direktoratining ta`lim departamenti tomonidan asosiy ishlardan ajralmagan holda ta`lim jarayoni amalga oshiriladi hamda Polisiya Akademiyasining kasbiy yo`nalishlar bo`yicha tayyorgarlik kurslarida o`qitiladi.
Akademiyada ta`lim dasturlari besh turi beriladi:
birinchidan, bazaviy ta`lim (muddati 2 yil bo`lgan kasb bo`yicha polisiya oliy maktablari);
ikkinchidan, bakalavr diplomiga ega bo`lish uchun o`qitish
(xavfsizlik fanlari institutida, 4 semestr);
uchinchidan, aspirantura (xavfsizlik fanlari institutida, 4 semestr);
to`rtinchidan, Anqara shahridagi Davlat oliy o`quv yurtlarida ta`lim;
beshinchidan, boshqaruv sohasidagi ta`lim.
Xavfsizlik Bosh direktoratiga to`g`ridan-to`g`ri bo`ysunuvchi Anqara va Burs shaharlarida joylashgan ikki polisiya kolleji mavjud.
Shuningdek, ekspert mutaxassislarga ishdan ajratmagan holda ta`lim beruvchi o`quv muassasalari ham mavjud. Ular Turkiya xalqaro giyohvand moddalar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash Akademiyasi, Jinoyatlarni tergov qilish bo`yicha tadqiqot va ta`lim markazlaridir.
Akademiyani bitirgan jandarmning ikkinchi leytenantlari va Jandarmeriyaning serjant tarkibidagi harbiy xizmatchilari amaliyotni yuridik, ma`muriy, harbiy va boshqa bo`linmalarda o`taydilar.
Yil davomida ular Jandarmeriyaning ofiserlar maktabida tahsil olishadi va shundan so`ng maxsus maktabda to`rt oylik qo`mondonlik kurslaridan o`tadilar. O`qishni muvaffaqiyatli yakunlagan xodimlar esa Jandarmeriyaning tuman bo`linmalarida xizmat olib boradilar.
Serjantlar tarkibiga esa quyidagilar kiradi:
serjantlar (o`rta maktab bitiruvchilari), harbiy xizmatchi serjantlar tarkibi uchun kasb-hunar maktablarida tahsil oluvchilar;
ixtisoslashgan jandarmlar (texnik universitet yoki kollejni bitirgan mutaxassislar).
Ixtisoslashtirilgan Jandarmeriya xodimlari bir yil davomida Jandarmeriya maktabida harbiy va kasbiy ta`lim oladi. Kelgusida hizmatni davom ettiradigan joylarida olti oylik amaliyot o`taydilar.
Soxil qo`riqlash xizmatchilari haqida so`z yuritganda esa Dengiz-harbiy Akademiyasi yoki Turkiya dengizchilik kasbi oliy maktabini tamomlagan serjantlar, shuningdek ixtisoslashtirilgan ta`lim markazlarida “Sohil qo`riqlash kurslari”dan maxsus ta`lim olgan ofiserlar va jangovar qo`riqlash serjantlaridan iborat ekanligini ta`kidlash o`tish joiz.
Mamlakat oliy o`quv yurtlarining tegishli fakultetlari bitiruvchilari orasidan davlat xizmatchilari harbiy ta`lim muassasalarida o`qitish talab etilmaydigan lavozimlarga tayinlanadilar.
Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, qardosh Turkiya davlatining polisiya tizimida ijobiy jihatlar, shu jumladan kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, sohaviy xizmatlar ishini tashkil etish kabi yo`nalishlardagi tajribalarni muhokama qilish foydadan xoli bo`lmaydi, albatta.
Bahodir ULUG`BEKOV, IIV Malaka oshirish instituti kafedra boshlig`i, polkovnik






