19 fevral kunidan boshlab koronavirus sabab ikki haftadan buyon Yaponiyaning Yokogama portida karantinda turgan Diamond Princess sayohat kemasining yo`lovchilari qirg`oqqa chiqa boshladi. Bugunning o`zida 500 kishi kemani tark etishi kutilmoqda, deb xabar bermoqda daryo.uz.
Yo`lovchilarni kemadan tushirish jarayoni 21 fevralga qadar davom etishi kutilmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, kemani mahalliy vaqt bilan soat 10:30 da 70-80 yoshdagi qariyalar tark eta boshlagan. Koronavirus aniqlangan boshqa yo`lovchilar qo`shimcha karantin davri tugaguniga qadar kema bortida qolishga majbur.
Diamond Princess sayohat kemasi joriy yilning 20 yanvar kuni Yokogamadan chiqib, Kagosima—Gonkong—Okinava yo`nalishidan o`tib, 3 fevral kuni qaytib kelgan. Bu vaqtga kelib kemadagi bir necha kishi tobi qochgani haqida xabar qilgan va hukumat bortdagi barchani tekshiruvdan o`tkazishga qaror qilgan. 11 fevral kuni sayohat kemasidagi keksalar va surunkali kasalliklarga ega bemorlarni sohilga evakuasiya qilish boshlangan edi.






