AsosiyJamiyat

22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e`lon qilindi

'22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e`lon qilindi'ning rasmi

“Jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo`llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoniga asosan Mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-ma`naviy hayotida tutgan o`rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb e`lon qilindi. 

Adliya vazirligining "Huquqiy Axborot" kanali ma`lum qilishicha, Farmonga ko`ra quyidagi lavozimlar joriy etilgan:

👉 Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasida Vazirlar Kengashi Raisi o`rinbosari – mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vaziri lavozimi;

👉 viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokim o`rinbosarlari – mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimi;

👉 tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida hokim o`rinbosari – mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi boshlig`i lavozimi.

Bosh vazir o`rinbosari, Vazirlar Kengashi Raisi o`rinbosari, tegishli hokim o`rinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qo`mitalari raisi lavozimlari tugatildi.

Farmonga ko`ra, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi oila, xotin-qizlar va keksalarni qo`llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan hamkorlik o`rnatish bo`yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Vazirlik xotin-qizlar masalalari bo`yicha boshlang`ich tashkilotlarga har tomonlama ko`maklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga mas`ul hisoblanadi.

Vazirlikning hududiy bo`linmalari boshliqlarining birinchi o`rinbosarlari – Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari raislari, hududiy bo`linmalar boshliqlarining tegishli o`rinbosarlari – Nuroniylar jamoatchilik kengashlari raislari etib belgilanadi.

Shuningdek, endilikda fuqarolar yig`ini raisi besh yil muddatga saylanadi.

 

    Boshqa yangiliklar