“Jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo`llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi.
Farmon bilan O`zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo`linmalari tashkil etildi.
Jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to`laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko`maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirishda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini o`rnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo`nalishlaridan biri hisoblanadi.
Farmonga ko`ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o`quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va vazirlik tuzilmasiga o`tkaziladi.
O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi va Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo`llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamg`armasining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) bo`limlarini tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi






