Kecha, 18 fevral kuni soat 21:50 larda Sirdaryo viloyati, Guliston shahar "Metan Rivoj Savdo" MChJ ga qarashli metan gaz quyish shahobchasida Bulung`ur tumanida yashovchi M.N. boshqaruvidagi “PAZ” rusumli yuk tashish uchun mo`ljallangan avtobus gaz to`ldirayotgan vaqtida tepa qismiga o`rnatilgan gaz balloni portlab ketgan. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati ma`lum qildi.
Natijada, avtobusga moddiy zarar etgan. Shu bilan birgalikda avtobus atrofida turgan Romitan tumanida yashovchi N.S. boshqaruvchidagi “MAN” rusumli yuk avtomashinasining old oynasiga hamda Mirzaobod tumanida yashovchi A.K. boshqaruvidagi “UAZ-3962” rusumli transport vositasining old qismiga temir parchasi uchib kelib tekkan.
Ushbu hodisada tan jarohati olganlar va boshqa zarar ko`rganlar mavjud emas.
Holat yuzasidan Guliston shahar IIO va FMB huzuridagi TB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






