Paxtachi tumanida oltin moddasini ajratib olish bilan shug`ullanib kelayotgan yashirin sex faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtachi tuman bo`limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.U. va boshqalar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga qarashli “Qoraqo`ton” tog` tizmasi hududidan tarkibida qimmatbaho oltin moddasi bo`lgan tosh xom ashyosini o`g`irlik yo`li bilan kovlab olib kelib, o`zlari tashkil etgan yashirin sexda qayta ishlab, oltin moddasini ajratish va sotish faoliyati bilan shug`ullanib kelganliklari aniqlandi. Ulardan 237 dona qoplarda tarkibida ma`lum miqdorda oltin moddasi bo`lgan 4 tonna tog` jinslari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan A.U. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






