Joriy yilning 16 fevral kuni soat 04:15da “Qamchiq” dovonidan o`tgan avtomobil yo`lining 249 km. qismida “Toshkent-Vodiy” yo`nalishida harakatlangan “MAN” rusumli yuk mashinasi boshqaruvni yo`qotib, yo`lning qarama-qarshi yo`nalishiga o`tib, ag`darilib ketgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Yo`l-trasport hodisasi oqibatida haydovchi U.A.ning o`ng oyoq qismi qisilib qolgan.
Mazkur hodisa yuzasidan navbatchi kichik serjant Y.Maxmetov boshchiligidagi qutqaruv guruhi zudlik bilan voqea joyiga etib borib, maxsus asbob-anjomlar yordamida jarohatlangan fuqaroni chiqarib olishgan. Qutqaruvchilar tomonidan birinchi tibbiy va psixologik yordam ko`rsatilib, “Rezak” tez tibbiy yordam xodimlari orqali Pop tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. O`z vaqtida ko`rilgan choralar natijasida haydovchining hayoti saqlab qolindi.
Shuningdek, yo`l-transport hodisasi oqibatini bartaraf etish va xavfsiz harakatni ta`minlash maqsadida, “Qamchiq” dovonidagi Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi fuqaro muhofazasi xizmatlaridan 18 nafar xodimlar, 5 ta maxsus texnikalar jalb etildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, yuk tashish faoliyati bilan shug`illanuvchi uyushma va korxonalar tomonidan haydovchilarga tashkiliy-texnik shart-sharoitlarni yaratishini hamda dovon orqali harakat xavfsizlgi bo`yicha qo`shimcha instruktiv-mashg`ulotlarni o`tkazishni tavsiya etamiz, deyiladi xabarda.






