AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi tizimida yangi davlat xizmati joriy etilmoqda

'Xalq ta`limi tizimida yangi davlat xizmati joriy etilmoqda'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligi davlat xizmatlari ko`rsatishni yanada takomillashtirish, fuqarolarga qulaylik yaratish, umumiy o`rta ta`lim to`g`risida hujjatlarning dublikatini berishda shaffoflikni ta`minlash va korrupsiya holatlarini oldini olish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish maqsadida yana bir muhim qadamni tashlamoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil, 24 yanvar kuni Oliy Majlisga murojaatnomasida joriy yildagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida boshqaruv tizimi sifatini yanada oshirish, jumladan, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda to`liq ta`minlash bo`yicha vazirlik, idoralarga muhim topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, 2020 yil “Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e`lon qilinishi, raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishi, ortiqcha xarajatlarni kamaytirishi, xalqimizni tashvishga soluvchi og`ir illat – korrupsiya balosini yo`qotishda ham samarali vosita ekanligi alohida ta`kidlandi. Zero, davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so`z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o`rta ta`lim to`g`risida hujjatlarning dublikatini berish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatishning ma`muriy reglamentini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasiga ko`ra, fuqarolar attestat (shahodatnoma) yoki sertifikatlarni yo`qotgan yoki familiyasini o`zgartirganda yoxud yaroqsiz, buzilgan hollarda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali uning dublikatini qisqa muddatda olishga erishadi. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, shu vaqtga qadar fuqarolar dublikat attestat olishlari uchun bir oy kutishlari zarur bo`lgan.

Qaror loyihasi regulation.gov.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.

 

    Boshqa yangiliklar