Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga maktub yo`lladi. Unda bunday deyilgan:
“Muhtaram Prezident janoblari!
Xitoy koronavirus tarqalishiga qarshi olib borayotgan kurash munosabati bilan yo`llagan ta`ziyanomangiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Aytishganidek, qaerdadir kulfat yuz bersa, har yoqdan yordamga shoshiladilar. Dunyo hamjamiyati, shu jumladan O`zbekiston, Xitoy hukumati va xalqiga hamdardlik bildirdi va turli ko`rinishda qo`llab-quvvatladi. Bu bizga bo`lgan do`stona munosabatni to`liq namoyon etdi.
Xitoy epidemiyani profilaktika qilish va nazoratga olish borasida muvaffaqiyatga erishishiga ishonchi komil va bunga qodir, shuningdek, butun jahonda jamoat sog`lig`ini saqlash ishiga hissa qo`shish yo`lida xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ishlashga tayyor.
Men Xitoy-O`zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e`tibor qaratmoqdaman hamda Siz bilan yaqin muloqotni davom ettirishga tayyorman.
Sizga mustahkam sog`lik, faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, do`st O`zbekistonga esa ravnaq va farovonlik tilayman.
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Si Szinpin”






