ShUNINGDEK, MANSABDOR ShAXSNING NOQONUNIY QARORIGA NISBATAN HAM...
Oqlov hukmi chiqarilishiga erishish, unga qadar bo`ladigan jarayonlar haqida batafsil ma`lumot berib boramiz. Shundan so`ng tahririyatimizga noqonuniy hukm yuzasidan prokurorning protest kiritish huquqi, tartiblari, muddatlari haqida ma`lumot berishimizni so`rab murojaatlar bo`la boshladi. Mushtariylarning iltimoslarini inobatga olgan holda prokurorning sudga ariza bilan murojaat qilishi va muddati, huquqiy hujjatni harakatdan to`xtatish, protest kiritish huquqiga ega bo`lgan shaxslar haqidagi savollarga ushbu sahifadan javob topamiz...
Sahifa mutaxassisi bosh prokuratura bo`lim prokurori Sherali MAXMUDOV:
— Prokurorning protest kiritish huquqi“Prokuratura to`g`risida”gi qonun, Jinoyat, Iqtisodiy hamda Fuqarolik prosessual kodekslarida keltirib o`tilgan.
“Prokuratura to`g`risida” to`g`risidagi qonunning 38-moddasiga asosan, qonunga zid bo`lgan hujjatga nisbatan protestni prokuror ana shu hujjatni qabul qilgan organga yoki yuqori turuvchi organga yuboradi. Mansabdor shaxsning noqonuniy qaroriga nisbatan ham xuddi shunday tartibda protest keltiriladi.
Protest kelib tushgan vaqtdan boshlab, 10 kunlik muddatdan kechiktirmay ko`rib chiqilishi shart. Qonunbuzarlikni darhol bartaraf etish talab qilingan alohida hollarda prokuror protestni ko`rib chiqishning qisqartirilgan muddatini belgilashga haqli. Protestni ko`rib chiqish natijalari to`g`risida 3 kunlik muddat ichida prokurorga yozma ravishda ma`lum qilinadi.
Protest kollegial organ tomonidan ko`rib chiqiladigan hollarda majlis kuni haqida prokurorga ma`lum qilinadi va u majlisda ishtirok etishga haqlidir.
RAD ETILSA YoKI KO`RISh KEChIKTIRILSA NIMA BO`LADI?
- Protest shu hujjatni qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) yoki yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) tomonidan rad etilganda, shuningdek protest qonunda belgilangan muddat ichida ko`rib chiqilmagan taqdirda, prokuror ana shu hujjatni g`ayriqonuniy deb e`tirof etish to`g`risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli. Sudga ariza protest rad etilganligi to`g`risidagi xabar olingan paytdan boshlab yoki protestni ko`rib chiqish uchun qonunda belgilangan muddat o`tganidan keyin 1 oylik muddat ichida berilishi mumkin.
Prokuror tomonidan sudga ariza berilishi protest keltirilgan hujjatning amal qilishini ariza sudda ko`rib chiqilgunga qadar to`xtatib qo`yadi.
JPKning 497(2)-moddasiga asosan prokuror va uning o`rinbosari sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi ustidan protest bildirishga haqlidir.
APELLYaSIYa TARTIBIDA PROTEST KIRITISh UChUN
— JPKning 497(3)-moddasida prokuror tomonidan hukmlar ustidan apellyasiya tartibida protest bildirish tartibi keltirib o`tilgan bo`lib, unga ko`ra:
1. Jinoyat ishlari bo`yicha tuman (shahar) sudlarining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan — Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudiga, jinoyat ishlari bo`yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga;
2. Hududiy harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan —Harbiy sudga apellyasiya tartibida protest bildirish mumkin.
Oliy sudning, Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudining, jinoyat ishlari bo`yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari ustidan berilgan apellyasiya protestlari ayni shu sudlarning o`zi tomonidan ko`rib chiqiladi.
Apellyasiya protestlari hukm chiqargan sud orqali beriladi.
MUDDATI QANChA?
- JPKning 497(4)-moddasiga ko`ra, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan apellyasiya protestlari hukm e`lon qilingan kundan e`tiboran 10 sutka ichida berilishi mumkin.
QONUNIY KUChGA KIRGAN HUKMGA PROTEST...
- JPKning 498-moddasiga asosan, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning o`rinbosarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar qonuniy kuchga kirgan hukm va ajrim (qaror) ustidan, agar ish apellyasiya tartibida ko`rilgan bo`lmasa, kassasiya tartibida protest bildirishga haqlidir.
KASSASIYa PROTESTLARINI BERISh TARTIBI-ChI?
— JPKning 498-moddasida kassasiya protestlarini berish tartibi keltirib o`tilgan bo`lib, unga ko`ra:
1. Jinoyat ishlari bo`yicha tuman (shahar) sudlarining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan — Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudiga, jinoyat ishlari bo`yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga;
2. Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudining, jinoyat ishlari bo`yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan — shu sudlarning sudlov hay`atlariga;
3. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan — shu sudning sudlov hay`atiga;
4. Hududiy harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan — Harbiy sudga, Harbiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan esa shu sudning sudlov hay`atiga kassasiya tartibida protest keltirilishi mumkin.
Kassasiya protestlari hukm chiqargan sud orqali beriladi.
JPKning 500-moddasiga asosan, kassasiya protestida og`irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo`llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og`irlashtiradigan boshqa o`zgarishlar nazarda tutilgan bo`lsa, sudning ayblov hukmini yoki ajrimini (qarorini), shuningdek sudning oqlov hukmini yoxud ishni tugatish to`g`risidagi ajrimini (qarorini) kassasiya tartibida qayta ko`rib chiqishga ular qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil mobaynidagina yo`l qo`yiladi.
JPKning 511-moddasiga asoson, Bosh prokuror barcha instansiya sudlarining hukmlari va ajrimlari (qarorlari) ustidan protest bildirishga, Bosh prokurorining o`rinbosarlari esa, Oliy sud Rayosati qarorlaridan tashqari, barcha instansiya sudlarining hukmlari va ajrimlari (qarorlari) ustidan protest bildirishga haqlidir.
JPKning 513-moddasiga asoson, nazorat tartibida berilgan protestda og`irroq jinoyatga doir qonun moddalarini qo`llash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini og`irlashtiradigan boshqa o`zgarishlar nazarda tutilgan bo`lsa, sudning ayblov hukmini yoki ajrimini (qarorini), shuningdek sudning oqlov hukmini yoxud ishni tugatish to`g`risidagi ajrimini (qarorini) nazorat tartibida qayta ko`rib chiqishga ular qonuniy kuchga kirgandan keyin 1 yil mobaynidagina yo`l qo`yiladi.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi






