AsosiyJamiyat

Davlat mehnat inspeksiyasi: xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari ishlatish taqiqlanadi

'Davlat mehnat inspeksiyasi: xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari ishlatish taqiqlanadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari ishlatish qonunga zid ekanligini uqtirmoqda. Davlat mehnat inspeksiyasining Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yo`llagan xatida xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari ularning roziligisiz asossiz ravishda ishga jalb etish taqiqlanishini ma`lum qilgan.

Tarmoqlarda tarqalgan ushbu xatning mazmuniga ko`ra, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo`llanishi mumkin.

“Mehnat kodeksining 125-moddasida ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to`rt soatdan (mehnat sharoiti og`ir va zararli ishlarda – bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo`lmasligi kerak.

Mehnat kodeksining 130 va 132-moddalariga ko`ra dam olish va bayram kunlarida ishlatish ta`qiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo`yicha ayrim xodimlarni dam olish va bayram kunlari ishga jalb qilishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo`lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo`mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo`yicha va tartibda yo`l qo`yiladi.

Mansabdor shaxslar tomonidan qonunchilik talablarining buzilishi O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda, xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo`lsa, o`n baravaridan o`n besh baravarigacha, agar ushbu huquqbuzarlik voyaga etmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa o`n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi” deyiladi xatda.
 

    Boshqa yangiliklar