“Ichki ishlar organlari probasiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Hukumat qarori (84-son, 14.02.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko`rsatish bo`yicha vazirlik va idoralar o`rtasida o`zaro hamkorlik yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, yuridik yo`nalishdagi OTMlar ta`lim dasturlariga nazorat ostidagilarning psixologik portretini o`rganish bo`yicha maxsus mavzular kiritiladi hamda tegishli OTMlarda psixologiya yo`nalishida ta`lim olayotgan talabalarning probasiya bo`linmalarida amaliyot o`tashlari yo`lga qo`yiladi.
Qaror bilan 2020-2021 yillarda ichki ishlar organlari probasiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi hamda hamkorlikdagi faoliyat mexanizmi tasdiqlandi.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning tegishli qaroriga (https://lex.uz/docs/4045443) asosan Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolarni ijro etilishini nazorat qilish negizida vazirlikning Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati tashkil etilgan.






