Ichki ishlar vazirligi shu boradagi ayrim holatlarga misollar keltirib, fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.
Birinchi misol
2019 yil 15 dekabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro M.B.ning uyali telefonidagi «Telegram» tarmog`ining «Jesco aksiyasi» guruhidan unga «Siz 75 ming so`m pul yutdingiz, pulni telefon raqamingizga tashlab beramiz» degan SMS xabari keladi.
Bu xabar orqali M.B.ning telefon raqami va plastik karta raqami aniqlanadi. Biroq uning plastik kartochkasiga pul mablag`i tushmaydi, aksincha, 868 ming so`m echib olinadi.
Ikkinchi misol
Farg`ona viloyatining Farg`ona tumanida yashovchi fuqaro B.A. tuman IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o`z arizasida joriy yilning 11 yanvar kuni noma`lum shaxs soat taxminan 21:15larda o`ziga tegishli bo`lgan plastik kartochkasidan ma`lum miqdordagi pulni noqonuniy yo`l bilan echib olgani, noma`lum shaxsni aniqlab unga qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ma`lum bo`lishicha, fuqaro B.A. 11 yanvar kuni soat 21:11larda Samarqand shahridagi xonadonida bo`lgan vaqtida o`ziga tegishli oshxona mebelini sotish maqsadida uning suratini internet do`koniga joylashtiradi.
Ko`p o`tmay, unga Rossiya Federasiyasiga tegishli abonent raqamidan qo`ng`iroq bo`ladi. Notanish kishi B.A.ga oshxona mebelini sotib olishini, pulni esa plastik kartaga o`tkazib berishini aytib, undan plastik kartochkasining seriya raqami va sms xabaridagi kodni so`raydi. Tabiiyki, begonaga ishongan fuqaro chuv tushadi – uning plastik kartasidan jami 1.442.000 so`m pul mablag`i echib olinadi.
Hozirda har ikkala holatdagi plastik karta firibgarlari ustidan jinoiy ish qo`zg`atilgan.
«Fuqarolarimizdan internet ijtimoiy tarmoqlarida e`lon qilinayotgan turli aksiyalarga ishonmasliklarini, o`zlari tanimagan-bilmagan shaxslarga bank plastik kartalarining seriya raqamlari va kodlarini aytmasliklarini so`rab qolamiz», – deyiladi IIV xabarida.






