AsosiyJamiyat

Saida Mirziyoeva Dubayda o`tayotgan Butunjahon ayollar forumida nutq so`zladi

'Saida Mirziyoeva Dubayda o`tayotgan Butunjahon ayollar forumida nutq so`zladi'ning rasmi

Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari, O`zbekistonda gender tengligini ta`minlash komissiyasi a`zosi Saida Mirziyoeva 16-17 fevral kunlari Dubayda o`tayotgan Butunjahon ayollar forumining dastlabki kunida nutq so`zladi.

«Kelajak haqida fikr yurituvchilar va innovatorlar uchun ayollar, yosh avlodning kelajagi, zamonaviy dunyoda ular duch kelayotgan qiyinchiliklarni muhokama etish hamda biz ko`rishni istaydigan kelajakni loyihalash uchun Birlashgan Arab Amirliklaridan yaxshiroq joy yo`q», – dedi Mirziyoeva nutqi avvalida.

«Biz bugun bu erda ekanimizning boisi – tajriba almashish, bir-birimizni qo`llab-quvvatlash va ruhlantirish, qolaversa, jamiyatlarimizdagi ayollarning rolini oshirib, ularga insoniyat sivilizasiyasiga o`z hissalarini qo`shish imkonini yaratib berishdir.

Shunga aminmanki, o`zbek ayollarining ham dunyoga aytar so`zi bor – ular insoniyatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo`sha olishadi», – dedi Saida Mirziyoeva.

O`zbekiston vakili mamlakat tarixining og`ir sinovli yillarini eslab o`tib, bu davrlarda ham ayollar jamiyat hayotida kechgan voqeliklarning ajralmas qismi bo`lib kelganini ta`kidladi.

«O`zbekistonning uzoq tarixi – ayollarimizning ham o`tmishidir. Shoirlar, davlat rasmiylari, diplomatlar, muhandislar, hamshiralar, rafiqa va onalar. Bu nozik sharqona san`at bo`ladimi, yoki qat`iy va aniq fanlarmi – o`zbek ayollari barcha sohalarda a`lo darajada ilgarilab borishdi, ammo soyada qolib kelishdi.

Ularga boshlarini baland ko`tarib, o`z qobiliyatlari va mahoratlarini qo`rqmay, cheklovlarsiz ko`rsata olish imkonini beradigan vaqt keldi», – dedi Mirziyoeva.

U o`z so`zida O`zbekiston ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari yuzasidan BMT, EXHT, Jahon Banki, Islom Taraqqiyot Banki kabi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, mamlakatda gender tengligiga katta e`tibor qaratilayotgani haqida gapirib o`tdi.

«Buvim ikkinchi jahon urushi yillarida turmush o`rtog`ini ham ruhan, ham moliyaviy jihatdan qanday qo`llab-quvvatlaganini yaxshi eslayman. Onamning otam va biz farzandlariga cheksiz madad va mehr-muhabbatini ayamagani doim yodimda turadi», – deydi Saida Mirziyoeva.

O`zbekistonda gender tengligini ta`minlash komissiyasi a`zosi so`zida davom etar ekan, mamlakat taraqqiyotida katta yutuqlar qo`lga kiritilayotgani, shu bilan birga jamiyat yangi tahdidlar bilan to`qnash kelayotganini aytib o`tdi.

«Bu jarayonlarning barchasida ayollar eng oldingi qatorlarda turishibdi – qishloq joylarda resurslar etishmovchiligidan aziyat chekishyapti. Shaharlarda esa oiladagi ayollik majburiyatlarini kasbi bilan qo`shib bajarishda qiyinchilikka uchrashyapti.

Davr taqozosi bilan biz ham yaxshi ona, ham yaxshi mutaxassis bo`lishimiz, jamiyatimning old qatorlarida yurish bilan birga oiladagi moliyaviy barqarorlik haqida qayg`urishimiz lozim», – dedi u.

Saida Mirziyoeva O`zbekiston rivojiga katta hissa qo`shgan avvalgi avlod vakillari bo`lmish ayollar mamlakatdagi hozirgidek gender tengligini tasavvur ham qilishmaganini qo`shimcha qilib o`tdi.

«Bizning ayollarimiz jahon taraqqiyotiga hissa qo`sha oladilar. Bizning vazifamiz esa ana shuning uchun zamin yaratib berish.

Eng mushkul vazifa – ayollarimizning o`zlarini ular eng yaxshisiga munosib ekanliklariga ishontirishdir. Oldimizda qiyin yo`l turibdi, ammo bu shunga arziydi. Ayollarimizga kuch bag`ishlash orqali biz millatimizga kuch beramiz, insoniyatni mustahkamlaymiz!» – deya o`z nutqini yakunladi Saida Mirziyoeva.

Boshqa yangiliklar