15 fevraldan 1 martga qadar Jomboy tumanida «Harakat xavfsizligi o`n besh kunligi» e`lon qilindi. Nega bu tadbir aynan ushbu tumanda tashkil etildi? Chunki Samarqand viloyati bo`yicha eng ko`p yo`l-transport hodisasi Jomboy hissasiga to`g`ri kelmoqda.
Shu munosabat bilan viloyat IIB tomonidan Jomboyda seminar o`tkazildi. Markaziy va ichki yo`llarda yo`l-transport hodisalarining og`ir oqibatlari aks etgan, fuqarolarni ogohlik va hushyorlikka chaqiruvchi «Targ`ibot avtokarvoni» tashkil etildi.
Misol uchun, 2019 yilning 12 oyi davomida viloyat hududida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisalari 4,6 foizga, buning oqibatida vafot etganlar soni 5,9 foizga kamaygan. Jomboy tumanida esa aksincha, bunday holatlar ortgan. Jami 69 ta (2018 yilda 59) yo`l-transport hodisasi sodir bo`lib, oqibatda 21 (2018 yilda 59) nafar fuqaro vafot etgan.
Tuman hududida og`ir oqibatli va insonlar o`limi bilan bog`liq bo`lgan yo`l-transport hodisalari sodir etilishining oldini olish maqsadida bir qator rejalar belgilab olindi. Xususan, transport, piyodalar va bolalar harakati serqatnov bo`lgan hududlarni belgilash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko`riladi. Yo`lovchi tashuvchi transport vositalarining harakatini nazorat qilish, texnik tayyorgarligini ta`minlash, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan keskin choralar ko`riladi. Tuman hududidan o`tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo`lgan hamda mahalliy avtomobil yo`llarida talabga javob bermaydigan holatlar, xususan, asfaltdagi nosozliklar, kavlangandan so`ng ta`mirlanmagan hududlar, suvoqova quduqlar, eskirgan yo`l belgilarini bartaraf etish rejalashtirildi.






