Davlat organlarining ochiqligini ta`minlash, ularning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish hamda respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini ichki va tashqi auditoriyaga xolis va tezkor etkazib berish Prezident Sh.Mirziyoev ochiqlik siyosatining asosiy vazifalaridan biridir, deyiladi AOKA xabarida.
Shu maqsadda 2019 yil 27 iyun kuni O`zbekiston Prezidentining davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risidagi qarori qabul qilindi va shu asosda respublikani to`liq qamrab oluvchi davlat axborot xizmatlari tizimi yaratildi. Ushbu qarorga asosan davlat organlari va tashkilotlarining axborot faoliyati AOKA tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.
Qarorning alohida ahamiyati shundaki, axborot xizmatlari rahbarlari bir vaqtning o`zida tashkilot rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi maqomiga ega bo`ldi, mehnatga haq to`lash, tibbiy va transport xizmati ko`rsatish shartlariga ko`ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o`rinbosariga tenglashtirildi.
Shu bilan birga, O`zbekiston tarixida birinchi marta barcha tuman va shaharlar hokimliklari tuzilmalarida axborot xizmatini tashkil etish shart ekani belgilab qo`yildi.
O`tgan yarim yil mobaynida 200 dan ortiq viloyat, tuman va shaharlar hokimliklarining umumiy shtat birliklari doirasida axborot xizmatlari faoliyatini yo`lga qo`yish bo`yicha tashkiliy choralar ko`rildi. Bugungi kunda 180 tadan ortiq tuman va shahar hokimliklarida matbuot xizmati xodimlari faoliyat yuritmoqda va ularga tegishli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Hozirda 20 ga yaqin hokimliklarda axborot xizmatlari faoliyatini qaror talablari asosida tashkil qilish uchun zarur choralarni ko`rish masalalari hal qilinmoqda.
Agentlik ushbu qarorning joylardagi ijrosini doimiy asosda monitoring qilmoqda va hujjatning har bir normasi ijrosini ta`minlash bo`yicha ish olib bormoqda.
Shu asnoda matbuot kotiblaridan o`z faoliyati bilan bog`liq muammolar hamda ushbu qarorning sifatli ijrosi yo`lida to`siqlar mavjud bo`lsa, bu haqda AOKAga ma`lum qilishlarini so`raymiz. Aniqlangan muammolar tegishli davlat tashkilotlari ishtirokida o`rganib chiqilib, hal qilish choralari ko`riladi.






