AsosiyJamiyat

Milliy gvardiya tungi xizmat vaqtida ikkita oilada yuz berishi mumkin bo`lgan mudhish holatning oldini oldi

'Milliy gvardiya tungi xizmat vaqtida ikkita oilada yuz berishi mumkin bo`lgan mudhish holatning oldini oldi'ning rasmi

Joriy yilning 14 fevral kuni tungi soat 23:00 larda Toshkent shahri Shayxontohur tumani Ichki ishlar bo`limi navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko`ra, ushbu tumanning «Shodlik» mahallasida oilaviy janjal bo`layotganligi ma`lum bo`lgan.

Mazkur holat yuzasidan shu hududda jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi va Ichki ishlar xodimidan iborat post-patrul ekipajiga xabar etkazilgan. Ular zudlik bilan voqea joyiga etib borganlarida er-xotinning oilaviy janjaliga va erning mast holatda ikki qo`liga pichoq ushlagan holatiga guvoh bo`lishadi. Yordamga etib borgan ekipaj xodimlariga ham tashlangan mast holatdagi tartibbuzarning qo`lidagi pichoqlarni Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi tezkorlik bilan olib qo`yib, uning qo`liga kishan taqqan. Shundan so`ng fuqaro 8-sonli IIBga olib borib topshirilgan.

Ushbu holat bo`yicha olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida yuqoridagi manzilda yashovchi fuqaro, «Abu Saxiy» savdo majmuasida sotuvchi bo`lib ishlaydigan, 1995 yilda tug`ilgan A.B. ekanligi ma`lum bo`lgan. Hozirda IIB va prokuratura xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o`tamiz, kuni kecha Toshkent shahri Chilonzor tumanida ham oilaviy janjal sababli tungi soat 1:00 larda «Matiz» rusumli avtomobil ichida erkak kishi o`zini yoqib yubormoqchi bo`lgani holatini ushbu hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi va Ichki ishlar xodimlari bartaraf etgan. Ular tomonidan avtomashina ichidagi olov tezkorlik bilan o`chirilib, chaqirilgan «Tez tibbiy yordam» etib kelgunga qadar jabrlanuvchiga birinchi yordam ko`rsatilgan edi.

Ushbu holat ham mastlik oqibatida kelib chiqqan bo`lib, 48 yoshli fuqaro S.I. bugungi kunda psixologlar nazorati ostida davolanmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar