Samarqandda bir xonani ijaraga olib, soxta aviakassani ochib qalbaki aviabiletlarni sotgan firibgar ustidan sud hukmi o`qildi.
Aniqlanishicha, Fattoh Anorov (ismi o`zgartirilgan) ofisga kirishda “Aviakassa” yozuvli peshlavha o`rnatgan, xonaga stol-stul, kompyuter va boshqa zarur jihozlarni joylashtirgan.
Avvaliga firibgar “Toshkent-Tyumen” reysiga har biri 352 AQSh dollari evaziga ikkita “aviachipta” sotgan.
Shundan so`ng, u Nyu-Yorkga yana uchta “elektron chipta”ni pullagan.
Ertasiga esa, Fattoh “Samarqand-Moskva” yo`nalishiga ikkita, “Toshkent-Istanbul” aviareysiga bitta soxta chipta sotgan. Ularning barchasi aeroportiga borgach, aviachiptalari soxta ekani ma`lum bo`lgan.
Toshkent aeroportidan Samarqandga qaytganlar firibgarni topa olishmadi. U esa “Aviakassa”ni yopib qorasini ko`rsatmay ketdi. Fattoh Anorov qo`lga olingach, barcha qilmishlarini tan oldi.
Sud Fattoh Anorovni uch yilu uch oyga ozodlikdan mahrum etdi, deb yozmoqda "Zarafshon" nashri. Shuningdek, jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar undan undiriladigan bo`ldi.






