“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasining “Maxsus aviasiya ishlari” aviakompaniyasi turoperatorlar, agentliklar va barcha xohlovchilarga O`zbekistonning go`zal go`shalariga vertolyotda sayr qilish xizmatidan foydalanishni taklif qilgani haqida xabar bergandik.
“Zarafshon” nashri sayohat narxi bilan qiziqib, aviakompaniya bilan bog`landi. “Maxsus aviasiya ishlari” aviakompaniyasi xodimi Jamshid Abdullaevning aytishicha, sayr qilishning dastlabki bahosi soatiga 18 million 200 ming so`m deb belgilangan. Bu – aviakompaniya taklif etayotgan narx.
Xo`sh, Zarafshon tog` tizmalariga sayr qilish necha so`mga tushadi?
Mutaxassisning ta`kidlashicha, parvozlar Toshkentdan amalga oshiriladi. Poytaxtdan Zarafshon tog` tizmalariga parvoz qilish va qaytish 5 soat davom etadi. Vertolyotga ko`pi bilan 16 sayyoh olinishi mumkin. Sayohat 5 soat davom etishini hisobga olsak, demak sayrga chiqishni istagan guruh buning uchun 91 million so`m to`lashi lozim bo`ladi.
Shuningdek, aviakompaniya aerodromdan foydalangani uchun 431 768 so`m to`lashiga to`g`ri keladi. Demak, guruh Toshkent va Zarafshondagi aerodromlar uchun jami yana 863 536 so`m berishlari kerak bo`ladi.
Hisob-kitobga ko`ra, sayohat bahosi jami 91 million 863 ming 536 so`mni tashkil etadi. Guruhda 1 kishidan 16 (ayrim vertolyotda 20) kishigacha bo`lishi mumkin. Agar 16 kishi bir vaqtda sayohatga chiqqan taqdirda, bir kishi sayohat uchun jami bo`lib 5 million 741 ming so`m (ayni vaqtdagi kurs bo`yicha 731 dollar) sarflashi kerak bo`ladi.
Ammo bu markaz taklif qilayotgan dastlabki narxlar ekani aytiladi. Agar siz turfirma yoki sayyohlik agentliklari orqali sayr qilmoqchi bo`lsangiz, ularning ham xizmat haqqini to`lashingizga to`g`ri keladi. Narxlar mahalliy sayyohlar va xorijliklar uchun farq qilmaydi.






