Joriy yilning 22 iyun holatiga ko`ra, pm.gov.uz portaliga kelib tushgan murojaatlarning 97 foizi ko`rib chiqilgan.
Aytish joizki, mamlakatimiz hayotida mutlaqo noyob institut — Virtual qabulxona davlatimiz rahbari tashabbusiga binoan 2016 yilda tashkil etilgan edi. O`shandan buyon u xalq va davlat o`rtasida ishonchli muloqot o`rnatishda muhim o`rin tutib kelyapti. Ushbu xayrli ish tufayli fuqarolarning ko`plab muammolari o`z echimini topdi. Ertangi kunga bo`lgan ishonchi -mustahkamlanmoqda. Odamlar tildan-tilga ko`chib yurgan mazkur tashabbusdan naqadar mamnunliklarini bildirishga oshiqqanlari ayni haqiqat.
Ezgu va xalqchil g`oya Prezidentimiz Farmoniga binoan tuman, shahar va mintaqalarda ochilgan Xalq qabulxonalarida muntazamlik va yanada samarali maqom kasb etdi.
Virtual qabulxona kundan-kun takomillashib, odamlar hayotiga tobora kirib bormoqda. Joriy yil fevral oyidan boshlab yangi versiyasi ishga tushirildi. Endilikda yangilangan portal orqali bevosita vazirliklar va tashkilotlar rahbarlariga murojaat qilish, onlayn-maslahat hamda boshqa xizmatlardan foydalanish mumkin.






