O`zbekiston aholisi pensiyaga chiqqandan so`ng eng uzoq umr ko`radigan insonlar ekanligi aniqlandi. Tadqiqotlarda pensiyaga chiqqandan so`ng ayollar(pensiya yoshi 55) o`rtacha 20 yil, erkaklar(pensiya yoshi 60) 9,7 yil yashashi ma`lum bo`ldi.
“Nastoyashaya vremya” telekanali Jahon bankining Women, Business and the Law loyihasidagi pensiyaga doir ma`lumotlar va Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining kutilayotgan o`rtacha umr davomiyligi bo`yicha Global Health Observatory hisoboti asosida sobiq ittifoq hududidagi qaysi davlatda pensionerlar eng uzoq umr ko`rishini aniqladi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.
O`zbekiston 29,7 yillik ko`rsatkich bilan birinchi o`rinni egalladi. Hisobotda mamlakatimizda ayollarning kutilayotgan o`rtacha umr davomiyligi 75, erkaklarniki esa 69,7 yoshga tengligi ma`lum qilingan. Zero, tadqiqotlarda pensiyaga chiqqandan so`ng yurtimiz ayollari(pensiya yoshi 55) o`rtacha 20 yil, erkaklari(pensiya yoshi 60) 9,7 yil yashashi ma`lum bo`ldi.
Ikkinchi o`rin 29,6 yil natija bilan Rossiyaga nasib etdi. Mazkur mamlakatda pensiya yoshini oshirish bo`yicha islohotlarni qabul qilish rejalashtirilyapti. Bugungi kunda esa bu erda pensiyaga chiqqandan so`ngerkaklar 6,4 yil (66,7 yosh), ayollar esa 23,2 yil (77,2 yosh) yashashi mumkin.
Belarus eng uzun umr ko`radigan pensionerlar ro`yxatida uchinchi o`rinni egalladi. Bu mamlakatda mazkur raqamlar ayollarda 21 yil, erkaklarda esa qariyb 6 yil ekanligi ayon bo`ldi.
Bu borada eng past ko`rsatkich Qozog`istonda qayd etildi. U erda pensiyaga chiqqandan so`ng o`rtacha umr ko`rish 8,05 yilga teng bo`ldi. Amaldagi qonunchilikka ko`ra 63 yoshdan pensiyaga chiqqach, ayollar o`rtacha yana 12 yil, erkaklar esa taxminan 4 yil yashashi aniqlandi.
Agar alohida solishtiriladigan bo`lsa, pensiyaga chiqqandan so`ng ayollar o`rtasida rossiyaliklar (23 yildan ziyod) eng yaxshi natijaga erishgan bo`lsa, Belarus (21 yil) va O`zbekiston (20 yil) qolgan pog`onalarni band etgan. Qozog`iston va Moldova esa, aksincha, oxirgi o`rinlarni egalladi — 12 yildan sal ortiqroq.
Shu tariqa hisobotda o`zbekistonlik erkaklar pensiyaga chiqqandan so`ng eng uzoq umr ko`radigan insonlar ekanligi oydinlashdi. Ularning bu boradagi natijasi o`rtacha qariyb 10 yil bo`lib, bu mintaqadagi eng yuqori ko`rsatkichdir. Ikkinchi o`rin ukrainaliklarga nasib etdi. Ular pensiyaga chiqqandan so`ng o`rtacha 7,6 yil yashab, 67,6 yil umr ko`rishi tahlillarda ma`lum bo`ldi. Rossiya esa ro`yxatning uchinchi o`rnini egalladi – 6,5 yildan sal kamroq.






