“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida yosh oila chegarasini 30 dan 35 yoshga uzaytirish haqida petisiya paydo bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonunining 3-moddasiga ko`ra, er-xotinning ikkisi ham o`ttiz yoshdan oshmagan oila yoxud farzand (bola) tarbiyalab voyaga etkazayotgan o`ttiz yoshdan oshmagan yolg`iz otadan yoki yolg`iz onadan iborat bo`lgan oila, shu jumladan, nikohdan ajralgan, beva erkak (beva ayol) — yosh oila deb belgilangan.
“Yosh oila toifasi bizga ba`zi bir imkoniyatlar, jumladan, daromad solig`i, kreditlar, uy-joy olish kabi munosabatlarda imtiyozlar taqdim etadi. Hozirgi kunda yoshlarimiz o`rtasida turmush qurish kechikib bormoqda. Bunga sabab turmush qurayotgan insonlar, eng avvalo, moliyaviy holatini yaxshilab, keyin turmush qurishni o`ylaydi va bu turmush qurishni kechikishiga olib keladi, aksar hollarda 30 yoshdan keyin turmush qurayotganlar ham kam emas” deyiladi murojaat matnida.
Shu jihatdan yosh oila chegarasini 30 yoshdan 35 yoshga ko`tarish taklifi bildirildi. Ushbu taklif amalga oshirilsa, yosh oilalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimida yanada ko`proq imkoniyatlar yaratiladi.






