Jismoniy shaxslar tomonidan ayrim tovarlarni bojxonadan olib o`tish normalari tasdiqlandi, deb xabar qiladi DBQ axborot xizmati.
Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo`l (yo`lovchi), temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona to`lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o`tishning miqdoriy normalari tasdiqlandi. Bu 22 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o`tish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 463-son qarori bilan belgilangan.
Ro`yxatdan asosan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnikalari joy olgan bo`lib, endilikda ularni 1 kalendar oyida chegarani birinchi marotaba kesib o`tayotganda faqat 1 donadan olib o`tilishi mumkin.
Shuningdek, ro`yxatda boshqa turdagi tovarlar uchun ham normalar belgilandi. Ya`ni, endilikda har kuni olib o`tilayotgan har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy og`irligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.
Unutmaslik kerak-ki, ushbu tovarlar sirasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida” 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512 son qarori 1-ilovasida keltirilgan tovarlar kirmaydi.
Ushbu ilovada alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha bojxona to`lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.
Olib o`tilayotgan tovarlar qiymati respublikaga jismoniy shaxslar tomonidan piyoda, avtomobilda, temir yo`l yoki daryo o`tkazish punktlari orqali tovarlarni bojxona to`lovlari undirmasdan olib o`tishning cheklagan me`yorlaridan oshmasligi kerak.
Mazkur me`yorlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o`tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida” 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512 son qarorida belgilangan bo`lib, unga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 1000 AQSh dollari miqdorida hamda avtomobil yo`li (piyodalar yo`li) o`tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o`tganda – 300 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona to`lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.
Unutmang, tovarlarni bojxona to`lovlari to`lamasdan olib o`tishning miqdoriy normalari jismoniy shaxs O`zbekiston Respublikasi davlat chegarasini chegara o`tkazish punktidan belgilangan davrda birinchi marta o`tishida qo`llaniladi. Bunda bojxonachilar chegara xizmatlari organlari tomonidan jismoniy shaxsning pasportiga qo`yiladigan belgidagi sanaga asoslanishadi.
Misol: Jismoniy shaxs masalan iyun oyi davomida chegarani piyoda ravishda birinchi marta 5 iyun sanasida kesib o`tsa, demak ayni shu o`tishida unga nisbatan ro`yxatdagi 1-20 qatorlarda ko`rsatilgan tovarlarni bojxona to`lovlari to`lamasdan olib o`tishning miqdoriy normalari qo`llaniladi. Ya`ni, mana shu birinchi o`tishda 300 AQSh dollarigacha bo`lgan qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirishi mumkin. Jismoniy shaxsning iyun oyi davomida chegarani keyingi kesib o`tgan holatlarida ushbu normalar tadbiq etilmaydi. Shuningdek, jismoniy shaxs 1 kalendar oy davomida 300 AQSh dollaridagi meyo`rdan bo`lib-bo`lib foydalana olmaydi. Shuning bilan u bu imkoniyatdan keyingi kalendar oyida foydalana oladi.
Ro`yxatda qayd etilgan har qanday tovar belgilangan norma va davriylikdan ortiq olib o`tilganda o`rnatilgan tartibda bojxona to`lovlari undiriladi.
Mazkur normalar 2018 yilning 1 iyulidan boshlab, kuchga kiradi.
Jismoniy shaxslar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo`l (yo`lovchi), temir yo`l va daryo o`tkazish punktlari orqali bojxona to`lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o`tishning miqdoriy normalari
№ | Tovarlarning nomi | Soni | Davriylik |
1. | Sovutgich | 1 dona | 1 kalendar oy |
2. | Muzlatgich | 1 dona | 1 kalendar oy |
3. | Kondisioner | 1 dona | 1 kalendar oy |
4. | Kir yuvish mashinasi | 1 dona | 1 kalendar oy |
5. | Chang yutgich | 1 dona | 1 kalendar oy |
6. | Gaz plitasi | 1 dona | 1 kalendar oy |
7. | Elektr plita | 1 dona | 1 kalendar oy |
8. | Televizor | 1 dona | 1 kalendar oy |
9. | Mikroto`lqinli pech | 1 dona | 1 kalendar oy |
10. | Duxovkali pech | 1 dona | 1 kalendar oy |
11. | Elektr go`sht qiymalagich | 1 dona | 1 kalendar oy |
12. | Dazmol | 1 dona | 1 kalendar oy |
13. | Fen | 1 dona | 1 kalendar oy |
14. | Oshxona kombayni | 1 dona | 1 kalendar oy |
15. | Telefon apparati, shu jumladan qo`l telefoni | 1 dona | 1 kalendar oy |
16. | Kompyuter texnikasi | 1 dona | 1 kalendar oy |
17. | Printer va ko`p funksiyali ofis qurilmasi | 1 dona | 1 kalendar oy |
18. | Planshet kompyuter | 1 dona | 1 kalendar oy |
19. | Noutbuk | 1 dona | 1 kalendar oy |
20. | Oshxona idishi | 1 to`plam | 1 kalendar oy |
21. | Boshqa tovarlar | Har bir nomdagi tovardan 2 kg, ammo umumiy og`irlik 10 kg.dan oshmasligi kerak | 1 kun |






