"Xalq so`zi onlayn" nashri sayti eksklyuziv intervyu olish maqsadida hakamimiz Ravshan Ermatov bilan bog`landi.
Ravshan Ermatov FIFA tartiblariga binoan hozircha intervyu bera olmasligini, ammo butun O`zbekiston xalqi, qolaversa, Osiyo qit`asidagi muxlislarining qo`llab-quvvatlashlarini qalban his qilayotganini va bundan cheksiz hayajonda ekanini bildirdi.
"Yurtimiz sha`nini futbol dunyosining eng yuksak turnirida himoya qilayotganimdan boshim osmonda. Ijtimoiy tarmoqlardagi minglab sahifalarda vatandoshlarimning ezgu tilaklarini, quvonchli fikrlarini o`qib, shu zamin farzandi ekanimdan, o`zbek hakamlik maktabining obro`si uchun o`z hissamni qo`shayotganimdan faxr-iftixorga to`ldim", - dedi Ravshan Ermatov.






