27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtimizda velomarafon o`tkazildi. Bu haqda O`zAm xabar berdi.
O`zbekiston Velosport federasiyasi tashabbusi bilan o`tkazilgan bu galgi velomarafon boshqa musobaqalardan o`zgacha farq qildi. Noan`anaviy tarzda o`tkazilgan musobaqaga mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan OAV jurnalistlari bevosita musobaqa ishtirokchisi sifatida taklif etildilar.
O`zlarinig kasb bayramlari arafasida tashkil etilgan ushbu velomarafonda 20 dan ziyod ommaviy axborot vositalarining 40 nafarga yaqin jurnalistlari o`z mahoratlarini ko`rsatdilar.
Jurnalistlar o`rtasida o`tkazilgan mazkur musobaqa ikki bosqichda bo`lib o`tdi. Dastlab xotin-qizlar 4 km. masofaga bellashgan bo`lsalar, erkaklar esa 6 km. masofaga o`zaro kuch sinashdilar.
Velomarafonda ayollar o`rtasida 1- va 2-o`rinni “Sport” teleradio kanali xodimlari Lobar Saidova va Charos G`ayratova egallashgan bo`lsa, shohsupaning 3-pog`onasi “Uzreport TV” telekanali xodimi Aziza Rozmurodovaga nasib qildi.
Erkaklar bahsida esa 1-o`rinni qalampir.uz sayti xodimi Okan Karayas qo`lga kiritgan bo`lsa, 2- va 3-o`rinlarni Shahboz Sharopov hamda Ayyubxon Zinnurov egalladilar.
Musobaqa yakunida g`olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandilar.






