AsosiySport

"H" guruhidagi vaziyat: Polsha uchun eshiklar yopildi, Yaponiya peshqadam!

'"H" guruhidagi vaziyat: Polsha uchun eshiklar yopildi, Yaponiya peshqadam!'ning rasmi

Kecha oqshom o`tkazilgan o`yinlar bilan JCh-2018ning ikkinchi tur uchrashuvlariga yakun yasaldi, deb yozmoqda Olamsport nashri.

"H" "kvartet"ida faqatgina bir jamoa uchun JCh muddatidan avval yakunlandi. Polsha Kolumbiyadan qabul qilib olgan yirik mag`lubiyatdan so`ng guruhdan chiqish imkoniyatlarini yo`qotdi.

Yaponiya, Senegal va Kolumbiyada esa nimchorak final yo`llanmasini qo`lga kiritish uchun imkoniyat mavjud. Ushbu guruhdan kimlar chiqishi esa 3-turdan keyin hal etiladi.

Oxirgi turda Yaponiya nimchorak final eshiklarini erta yopib qo`ygan Polsha bilan uchrashsa, Kolumbiya Senegal bilan kuch sinishadi. Ayni paytda Yaponiya va Senegalda 4 ochkodan, Kolumbiyada hisobida esa 3 ochko mavjud.

Oxirgi turda Kolumbiyani faqatgina g`alaba qanoatlantiradi. Durang qayd etsa, unda narigi bahsda Polsha Yaponiyani mag`lub etishiga umidvor bo`lib qoladi. Senegalni esa durang natijasi ham keyingi bosqichga olib chiqadi.

Yaponiyani esa durang natijasi ham qoniqtiradi. Agarda samuraylar Polshadan mag`lubiyatga uchraydigan bo`lishsa, unda parallel o`yinda Senegalning g`alabasidan umidvor bo`lishadi.

P.S. Agarda jamoalar ochkolari bir xil bo`lib qolsa, unda reglament bo`yicha avvalo to`plar nisbati, shunda ham tenglik bo`lsa, unda qaysi jamoa ko`proq gol urganiga e`tibor beriladi. Bu borada ham tenglik qayd etilsa, unda o`zaro o`yinlar inobatga olinadi.

Agarda shunda ham ko`rsatkichlar teng bo`ladigan bo`lsa, unda eng kam ogohlantirish olgan jamoa jadvalda yuqoriga ko`tariladi. Barcha ko`rsatkichlar teng keladigan bo`lsa, unda FIFA “qo`r qur`a” orqali g`olibni aniqlaydi.

Boshqa yangiliklar