AsosiyJamiyat

O`qituvchilar qog`ozbozlik va majlisbozlikdan ozod etiladi

'O`qituvchilar qog`ozbozlik va majlisbozlikdan ozod etiladi'ning rasmi

O`qituvchining asosiy vazifasi bolalarga bilim berish. Lekin shu paytgacha ularning turli ishlarga jalb etilishidan tashqari ularni tez-tez turli majlislarga chaqirish, turli qog`ozlarni to`ldirishga majburlash amaliyotning keng yoyilgani o`qituvchining o`z ustida ishlashga deyarli vaqti qolmasligiga sabab bo`ldi. Axir darsdan keyin to`rt soatlab turli hisobotlar to`ldirgan odamning boshqa ish qilishga vaqti ham qolmaydi. Bunday salbiy holatlarga endi butunlay chek qo`yish kerak.

Ushbu fikrlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan xalq ta`limi tizimini tubdan o`zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo`yilgan vazifalar ijrosiga bag`ishlab Bosh vazir A.Aripov rahbarligida o`tgan videoselektor yig`ilishida bildirildi, deb xabar bermoqda O`zA.

Bosh vazir Prezidentimizga ham ma`qul kelmayotgan bu kabi ishlarga Xalq ta`limi vazirligiga tayinlangan yangi rahbarlar chek qo`yishi zarurligini ta`kidladi. Bu borada yangi vazir Sh.Shermatovga zarur topshiriqlar berildi.

Bundan buyon maktablar faqat bevosita Xalq ta`limi vazirligi tomonidan qo`yilgan vazifalarni bajaradi. Hokimlar yoki boshqa mansabdor shaxslar ta`lim tizimiga o`z hukmini o`tkazishiga yo`l qo`yilmaydi. Ayniqsa, ular tomonidan xalq ta`limi tizimi xodimlarini majlislarga chaqirish man etiladi.

    Boshqa yangiliklar