AsosiyJamiyat

Bemorlarni davolashdagi vrachlar xatosi endi ekspert guruhlar tomonidan o`rganiladi

'Bemorlarni davolashdagi vrachlar xatosi endi ekspert guruhlar tomonidan o`rganiladi'ning rasmi

“Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o`rganish tartibi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizom:

  • tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o`rganish, tahlil qilish;
  • davolash-diagnostika standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, davolash jarayonida yo`l qo`yilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish;
  • vrachlar tomonidan yo`l qo`yilayotgan tizimli kamchiliklarni oldini olish bo`yicha tegishli choralar ko`rish;
  • xatoga yo`l qo`ygan vrachlarga nisbatan intizomiy ta`sir choralarini qo`llash tartibini belgilaydi.

Nizomga muvofiq har bir tibbiyot tashkilotida vrachlarning kasbiy faoliyatini o`rganish bo`yicha ekspert guruhi tashkil etiladi. Bu xaqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma`lum qilindi.

Qoida tariqasida, ekspert guruhi tarkibiga tibbiyot tashkilotida ko`rsatiladigan ixtisoslik yo`nalishlaridan bittadan vrach kiritiladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Ekspert guruhi a`zoligiga boshqa tibbiyot muassasalarining tegishli tibbiy ixtisosliklar bo`yicha malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.

Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o`rganish;
  • tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Endilikda, vrachning kasbiy faoliyati bo`yicha tushgan shikoyatlar Ekspert guruhi tomonidan o`rganib chiqiladi.

O`rganish natijasida vrachning xatosi aniqlanganda quyidagi ob`ektiv va sub`ektiv sabablar tahlil qilinadi:

  • ob`ektiv sabablar – muassasaning moddiy-texnika bazasi quvvatining etishmasligi, dorilarning yo`qligi, hayotga xavf tug`diruvchi holatlar paytida shoshilinch operasiyalar o`tkazilishi oqibatida bemorning ahvoli og`irlashishi va boshqa o`xshash holatlar;
  • sub`ektiv sabablar – vrach bilim saviyasining etishmasligi oqibatida bemorning holatini to`g`ri baholay olmaslik, davolash-diagnostika standartlariga rioya qilmaslik, vrach tomonidan noto`g`ri taktika qo`llanganlik, tajriba etishmasligi va boshqa shu kabi holatlar.

Sub`ektiv sabablarga ko`ra bemorning sog`lig`iga jiddiy zarar etkazilgan yoki o`lim holati yuzaga kelgan bo`lsa, bunda vrachning kasbiy faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o`rganib chiqiladi.

Vrach faoliyatini o`rganish bo`yicha xulosa shakllantiriladi.

Tibbiyot tashkiloti rahbari uch ish kunida Eksperti guruhi xulosasi asosida xatoga yo`l qo`ygan shifokorga tegishli ta`sir choralarini qo`llaydi.

Sog`liqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasi Ekspert guruhlari xulosalarini to`plash va ular yuzasidan ko`rilgan choralarni umumlashtirish, kasbiy xatoga yo`l qo`ygan vrachlar haqida ma`lumotlarni yuritishga mas`ul hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar