Reed Business Media tashkiloti tomonidan har yili dunyoning eng yaxshi restoranlari nomi e`lon qilinadi. Bu yil ushbu nomga Italiya restorani sazovor bo`ldi, deya xabar bermoqda Layf nashri.
Hakamlar hay`ati tomonidan jahonning 50 ta eng yaxshi restoranlari ro`yxati tuzildi. Unga ko`ra, Italiyaning Osteria Francescana nomli restorani birinchi o`ringa loyiq deb topilgan. Ispaniyaning Bilabo shahrida g`oliblarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Mamlakatning Modena shahrida joylashgan bu maskan zamonaviy uslubi va italyancha taomlari bilan mashhur. Baholash chog`ida hakamlar restoranning barcha jihatlarini hisobga olishgan. Servis xizmati, idish-tovoqlar, oshxonadagi mahsulotlar shular jumlasidandir.
Ro`yxatning keyingi o`rinlarida Kataloniyadagi El Celler de Can Roca va Mirazur restoranlari turibdi. Ma`lumotlarga ko`ra, dunyoning mingdan ortiq restoranlari va oshpazlari tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirishgan. O`tgan yili esa ushbu mukofotni Nyu-Yorkdagi Eleven Madison Park restorani qo`lga kiritgan edi.






