Andijon shahar tez tibbiy yordam bo`limi shifokorlariga bir necha turdagi tibbiy jihozlar jamlamasidan iborat tibbiyot qutilari tarqatildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Prezidentimizning 2017 yil 16 martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni hamda 2018 yil 25 yanvardagi “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Andijon shahar tez tibbiy yordam bo`limiga umumiy qiymati 224 million 200 ming so`m bo`lgan tibbiy asbob-uskunalar, jihozlar berildi.
– Shifokorlarimizga tarkibida EKG portativi, tanometr, termometr, “Ambu” qopchasi singari 10 turdagi jihozlar bo`lgan tibbiyot qutilari berildi, – deydi Andijon shahar tez tibbiy yordam bo`limi mudiri Oybek Hayitboev. – Bu, albatta, ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ko`rsatilayotgan shoshilinch tibbiy yordam sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bu kabi tibbiyot qutilari viloyatdagi barcha tuman va shaharlar tez tibbiy yordam bo`limlari shifokorlariga topshirildi.






