AsosiyJamiyat

Bolalar maktab formasi qanday bo`lishini xoylaysiz?

'Bolalar maktab formasi qanday bo`lishini xoylaysiz?'ning rasmi

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ota-onalar, o`quvchi va o`qituvchilarning xohish-istaklarini inobatga olingan holda yagona maktab formasini joriy etish yuzasidan o`z taklif va tavsiyalarini bildirgan edi.

O`tgan vaqt mobaynida bu borada ancha-muncha ishlar qilindi. “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi hamda Xalq ta`limi vazirligi tomonidan mutaxassislar, etakchi dizaynerlar jalb etilib, maktab formalarining turli namunalari yaratildi va keng jamoatchilik hukmiga havola etildi. Muhokamalar ijtimoiy tarmoqlarda hamon davom etmoqda.

Biz yagona maktab formasini joriy etish xususida bahs-munozaraga kirishgan bir paytimizda dunyo bolalari maktabga qanday kiyimda boradi, degan savol paydo bo`lishi tabiiy. Bugun shu haqda so`z yuritmoqchimiz.

Buyuk Britaniyada dastlabki moviy rangli maktab formasi 1509-1547 yillarda mamlakatni boshqargan qirol Genrix VIII davrida joriy etilgan.

Zamonaviy Buyuk Britaniyada o`quvchilar uchun mo`ljallangan sviter va pidjak maxsus “Kevler” matosidan tikiladi. Aynan shu materialdan Britaniya askarlari uchun zirhli nimchalar ham tayyorlanadi. Ayrim maktablar esa poliester, ya`ni plastik shishachalardan ishlangan maktab formasini ma`qul ko`rmoqda. U birinchi bor 2008 yilda sotuvga chiqarilgan. Shunday maktablar borki, u erda poxoldan to`qilgan bosh kiyimda yuradigan bolalarni ham uchratish mumkin.

Germaniyaning ko`pgina maktablarida yagona maktab formasi joriy etilgan. Maktab formasi masalasi bo`yicha bahs-munozaralar hamon davom etmoqda. Shunisi diqqatga sazovorki, maktab o`quvchilari ham kiyimlarni takomillashtirish bo`yicha o`z takliflari bilan chiqishlari mumkin. Yaqinda Rossiyaning Ivanovo viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi germaniyaliklar bilan sintetik toladan yangi mato ishlab chiqarish bo`yicha shartnomani imzoladi.

“Kunchiqar yurt” – Yaponiyada qizlar kiyadigan maktab formasi “Seylor-fuku” deb ataladi. Bu libos dengizchilarning kiyimini eslatadi. O`g`il bolalar “Gakuran” deb ataladigan qora kostyum-shim kiyishadi.

Amerika Qo`shma Shtatlarida maktab formasi majburiy hisoblanadi. Bu tartib-qoida 1996 yildan kuchga kirgan. Biroq maktab formasi borasida turli xil qarashlar mavjud. Demokratiya tarafdorlari maktab o`quvchilarining xaq-huquqlarini himoya qilar ekan, ular istagan kiyimda maktabga borishlari kerak, deb hisoblashadi. Maktab formasi intizomni mustahkamlaydi va fanlarni o`zlashtirishda o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatadi, deb hisoblaydiganlar ham ko`pchilikni tashkil etadi.

Avstraliyadagi barcha xususiy va katolik maktablarida o`quvchilar darsga maxsus kiyimda kelishlari shart. Ayrim bilim maskanlarida 13-14 yoshgacha bo`lgan bolalarga shortida yurishga ruxsat berilgan.

Argentinadagi davlat maktablarida oq xalat joriy etilgan.

Indoneziyada maktab o`quvchisining yoshini forma rangiga qarab ajratish mumkin.

Hindistonning har bir shtatida o`zining maxsus maktab formasi mavjud.

Ko`rib turibsizki, dunyo maktablarida maxsus kiyim azaldan bo`lgan va bu boradagi qarashlar qat`iyligicha qolmoqda.

Azimjon Po`latov, O`zA

    Boshqa yangiliklar