Samarqand xalqaro aeroportida qiymati o`ttiz million so`mga yaqin bo`lgan tovarlarni yashirib olib o`tishga uringan fuqaro qo`lga olindi.
Ta`kidlanishicha, "Domodedovo-Samarqand" yo`nalishidagi aviareysi bilan Samarqand xalqaro aeroportiga uchib kelgan O`zbekiston fuqarosi O.Sh.dan u "yashil" yo`lak orqali bojxona nazorati zonasidan o`tish vaqtida mamlakatga olib kirilishi me`yorlaridan ortiqcha tovarlar, taqiqlangan audio va video yozuvlar bor-yo`qligi so`ralgan.
Fuqaro bunday tovarlar yo`qligini aytganidan so`ng unga tegishli bo`lgan bagaj sumkasi xolislar ishtirokida tekshirilgan.
Ma`lum bo`lishicha, fuqaro "yashil" yo`lakdan 29 million 829 ming so`mlik 12 turdagi tibbiyot sohasida foydalaniladigan tovarlar va iPhone 5S uyali telefon apparatini yashirin olib o`tayotgan ekan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko`ra, fuqaroga nisbatan tegishli chora qo`llanilib, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan tibbiy tovarlar tegishli tartibda yo`q qilindi va iPhone 5S uyali telefoni davlat foydasiga musodara qilindi.






