O`n sakkizinchi iyun kuni AQShning turli shaharlarida ikki reper — 20 yoshli XXXTentacion taxallusli Jasey Dueyn Onfroy va 21 yoshli Jimmy Wopo taxallusi ostida ijod qiluvchi Treyvon Smartlar otib ketildi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
Birinchi fojia Florida shtatining Mayami shahrida, ikkinchisi esa Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahrida ro`y berdi.
Reper Jimmy Wopo 14 yoshidan beri musiqa bilan shug`ullanib keladi, 2016 yilning iyul oyida uning ilk "Woponese" deb nomlanuvchi debyut albomi chiqqan edi.
Polisiya bergan ma`lumotga ko`ra, Treyvon Smart do`sti bilan mashinasi ichida o`tirganda boshqa mashinada kelgan noma`lum shaxslar unga qarata quroldan o`t ochishgan. Yaralangan Smart kasalxonada olamdan o`tgan. Ayni paytda huquq-tartibot idorasi xodimlari jinoyatchilarni qidirish bilan shug`ullanmoqda.
Ilgari xabar qilganimizdek, xuddi shu kuni Mayamida 20 yoshli XXXTentacion taxallusli Jasey Dueyn Onfroy motosalondan chiqayotganda otib ketilgan. Noma`lum shaxs Onfroyning oldiga yugurib kelib, unga qarata o`q uzgan va reperning sumkasini olgancha, voqea joyidan yashiringan.
Onfroy komaga tushgan, birozdan keyin esa Brouard okrugi huquq-tartibot idorasi xodimlari uning olamdan o`tganligini ma`lum qilgan. Xonandaning muxlislari mazkur jinoyatni uning sahnadagi hamkori Soldier Kidd sodir etganligini gumon qilishmoqda. Reperning o`zi esa Onfroyning o`limiga hech qanday aloqasi yo`qligini ta`kidlamoqda.






