Joriy yilning o`tgan davrida Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan 14 ming 575 tonna qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasining rasmiy veb-saytida ma`lum qilindi.
Mahsulotlardan olma, gilos, pomidor, piyoz, karam va ko`kat mahsulotlari Rossiya Federasiyasi, Koreya, Latviya, Qozog`iston kabi o`n beshdan ziyod davlatlarga eksport qilindi.
Ayni kunda ham vohada qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksporti avjida bo`lib, viloyatning Koson, Chiroqchi, Mirishkor va G`uzor tumanlarida etishtirilgan xushta`m qovunlar “Oltin voha agro invest” va “Gold fruit exim” MChJlari tomonidan Rossiya Federasiyasi, Latviya va Qozog`iston Respublikalariga peshma-pesh jo`natilmoqda. Raqamlarga ko`ra, iyun oyida 149 tonna qovun eksporti amalga oshirilgan.
Eksportyorlar vaqtini va mablag`ini tejash uchun bojxona rasmiylashtiruvlari internet tarmog`i orqali masofadan turib onlayn tarzda tezkorlik bilan amalga oshirib berilmoqda. Olib borilayotgan bu kabi sa`y-harakatlar o`z samarasini ko`rsatib, iyun oyining o`tgan 17 kunida qariyb to`rt ming tonna qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksportiga erishildi.






