Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2018-2019 o`quv yili uchun bakalavr va magistratura uchun qabul kvotasi tasdiqlandi. Unga ko`ra, universitetda shu yildan boshlab turizm ta`lim yo`nalishi bo`yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Turizm yo`nalishi bo`yicha jami 40 talaba, shundan 10 grant, 30 kontrakt asosida qoraqalpoq, o`zbek, rus tili guruhlariga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, magistraturada ham yangidan ikkita ixtisoslik ochilmoqda, ya`ni differensial tenglamalar va matematik fizika, filosofiya (qo`llash sohasi) ixtisosliklariga hujjatlar qabul qilinadi. Shuningdek, bakalavrda kasbiy ta`lim: ekologiya ta`lim yo`nalishi tugatilmoqda.
Joriy yilda universitetning jurnalistika yo`nalishi uchun qabul kvotasi ikki barobarga oshirilgan, ya`ni yangi o`quv yilidan 40 ta talaba o`zbek va qoraqalpoq guruhlarida tahsil oladi (o`tgan yilda 20 ta edi).
Umuman Qoraqalpoq davlat universitetida 2018-2019 o`quv yili uchun bakalavrga 2290 talaba (o`tgan yilda 2200 ta), magistraturaga esa 113 (o`tgan yilda 80) talaba o`qishga qabul qilinadi.






