AsosiyJamiyat

"Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi" tanlovi e`lon qilindi

'"Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi" tanlovi e`lon qilindi'ning rasmi

Adliya vazirligi yangi tanlov e`lon qildi. Unda 18 yoshga to`lgan O`zbekistonning barcha fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Adliya vazirligi fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish, aholi orasida keng ko`lamli targ`ibot ishlarini amalga oshirayotgan huquq targ`ibotchilarini aniqlash va ularni munosib ravishda rag`batlantirish maqsadida “Eng yaxshi huquq targ`ibotchisi” tanlovini o`tkazadi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Tanlov quyidagi 10 nominasiya bo`yicha o`tkaziladi:

  • “Huquqiy targ`ibotdagi fidoyiligi uchun”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi OAV”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi bloger”;
  • “Huquqiy madaniyatni targ`ib qiluvchi eng yaxshi sayt”;
  • “Huquqiy targ`ibotdagi eng yaxshi innovasion loyiha”;
  • “Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun”;
  • “Huquqiy targ`ibotdagi eng yaqin hamkor”;
  • “Eng yosh huquq targ`ibotchisi”.

Tanlov Mustaqillik bayrami arafasida o`tkaziladi. Unda mutaxassisligi va kasbidan qat`iy nazar, O`zbekistonning 18 yoshga to`lgan barcha fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan har bir nomzod hujjatlari va materiallarini tanlov tashkiliy qo`mitaning ishchi organiga ariza bilan topshiradi.

Arizaga quyidagi hujjatlar va materiallar ilova qilinishi lozim:

• nomzodning pasport nusxasi;

• nomzodning rezyumesi;

• nomzodning so`nggi bir yil mobaynidagi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida amalga oshirgan ishlari va alohida yutuqlari (matbuotda chop etilgan va veb-saytlarda e`lon qilingan maqolalar, bukletlar, plakatlar, risolalar, savol-javob va sharhlovchi qo`llanmalar, foto va videomateriallar hamda huquqiy targ`ibot olib borilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar).

Hujjatlar yilning 25 iyuliga qadar qabul qilinadi. Tanlovga belgilangan muddatdan so`ng topshirilgan hujjatlar va materiallar ko`rib chiqilmaydi.

G`oliblarga planshet, smartfon kabi qimmatbaho esdalik sovg`alari va pul mukofotlari topshiriladi.

Ushbu tanlov O`zMTRK, “Turonbank” va O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar