AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi chaqaloqlar vahshiylarcha o`ldirilgan tug`ruqxona bo`yicha bayonot berdi

'Sog`liqni saqlash vazirligi chaqaloqlar vahshiylarcha o`ldirilgan tug`ruqxona bo`yicha bayonot berdi'ning rasmi

Avvalroq Samarqanddagi xususiy tug`uruqxonada o`nlab chaqaloqlar vahshiylarcha o`ldirilgani ma`lum bo`lgani haqida xabar bergan edik.

Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmatiga ko`ra, xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun tug`ruqni qabul qilish faoliyati taqiqlangan tibbiy faoliyat turi ro`yxatiga kiritilgan. Bu me`yor qonunchilikda aniq belgilab qo`yilgan. Shu bois, ushbu ixtisoslik turi bo`yicha lisenziya ham berilmaydi. Xususiy tibbiyot tashkilotlarining bunday faoliyat bilan shug`ullanishi esa, noqonuniy faoliyat sifatida baholanib, ma`muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

— Samarqand shahrida joylashgan Nargiz Sanaxanova boshqaruvidagi «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasi lisenziyada ko`rsatilmagan tug`ruqni qabul qilish faoliyati bilan shug`ullanganligi uchun lisenziyasining amal qilishi Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan sud tartibida uch marta tugatilgan, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligining Nodavlat tashkilotlarining tibbiy faoliyatini lisenziyalash boshqarmasi boshlig`i Farhod Rahimqulov. — Sog`liqni saqlash vazirligi har gal bunday noqonuniy holat aniqlanganda, o`tkazilgan o`rganish va tekshirish materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib, lisenziya talab va shartlarini qo`pol buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan qat`iy choralar ko`rilishini talab qilib kelgan. Natijada tashkilotning mas`ul shaxslariga nisbatan sud tomonidan dastlab ma`muriy, so`ngra esa jinoiy jazolar qo`llanilgan.

Lisenziyasining amal qilishi sud tartibida tugatilgach, tashkilotning lisenziya olish uchun qilingan murojaatlariga ko`ra, qonunda ko`zda tutilgan me`yorlarga asosan «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasiga qayta lisenziya berilgan. Ammo Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu muasasada tug`ruqni qabul qilish bilan bog`liq faoliyat qattiq nazoratga olinganidan so`ng, tashkilot xodimlari chaqaloqlarni sotish uchun yangi usulni — homilani sun`iy yo`l bilan tushirish orqali bolani muddatidan oldin tug`dirib, go`yoki onani xavfli vaziyatdan saqlab qolganlik niqobi ostida o`z niyatlarini amalga oshirgan.

Biroq ularning bu jinoyati ham fosh etildi. 2016 yilning oxirida Sog`liqni saqlash vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o`tkazilgan tekshiruvlar natijasida klinikada noqonuniy holatlar yuzaga kelgani takroran aniqlangan.

Ma`lum bo`lishicha, aksariyat hollarda «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasi birlamchi bo`g`inda hisobda turishdan qochgan, hech bir tibbiyot muassasasida nazoratda bo`lmagan homilador ayollarni tug`dirib, taqiqlangan tibbiy xizmat faoliyati bilan shug`ullanib kelgan.

Shundan so`ng, «Sam so‘zani plus» xususiy tibbiyot muassasasiga 2015 yilda berilgan 7087-00-raqamli lisenziyaning amal qilishi Samarqand viloyat xo`jalik sudining 2017 yil 19 yanvardagi hal qiluv qarori bilan to`rtinchi bor tugatildi. Tekshirish materiallari prokuraturaga taqdim etilgan. Muassasaning mas`ul shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan. Shundan buyon «Sam so‘zani plus» MChJga tibbiy faoliyat uchun lisenziya qayta berilmadi.

— Xususiy tibbiyot muassasalariga akusherlik faoliyati bilan shug`ullanish huquqi berilmagan, — deydi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Basitxanova. — Bu cheklovlar tegishli qonunchilik hujjatlarida o`z ifodasini topgan. Xususiy tibbiyot muassasalari faqat ginekologiya tibbiy ixtisosligi doirasidagina faoliyat olib borishi mumkin. Soddaroq qilib aytganda, ginekologiya faqat ayol kishi organizmiga xos bo`lgan kasalliklarni davolaydigan tibbiy ixtisoslik turi hisoblanadi. Akusherlik esa ayol kishida bo`ladigan homiladorlik, tug`ish jarayoni va tug`uruqdan keyingi holatni o`rganuvchi va tibbiy yordam ko`rsatuvchi ixtisoslikdir. Ko`rinib turibdiki, xomilani to`xtatish (abort qilish) bu akusherlik ixtisosligiga tegishli aralashuvdir. Shu sababdan homilani to`xtatishni faqat akusherlik bo`yicha faoliyat yuritadigan davlat tibbiy muassasasi amalga oshirishi lozim.

    Boshqa yangiliklar