Fototanqid: G`uzordagi betartiblikni kim tartibga oladi?
G`uzor tumanidagi O`zbekiston ko`chasidan Xo`jaguzar, Gulshan mahallalariga o`tuvchi yo`lda har kuni ertalab yuzaga kelayotgan tirbandlik odamlar asabini sinovdan o`tkazmoqda.
"Xalq so`zi" nashri muxbiri voqeaga oydinlik kiritish uchun mahalliy aholi vakillari bilan suhbatda bo`ldi.
Yo`llardagi tirbandliklar odatda yirik shaharlar ko`chalarida kuzatiladi. Bu ko`pincha yo`llardagi ta`mirlash ishlarining olib borilishi, transport oqimining ko`payishi hisobiga yuzaga keladi. Ammo G`uzor tumanida har kuni ertalabdan boshlanadigan tirbandlikka bu omillarni sabab qilib ko`rsatib bo`lmaydi. Haydovchilarning ta`kidlashicha, bunday tirbandlik barcha transport oqimining G`uzor daryosining ikki qirg`og`ini bog`lovchi yagona ko`prikka borib taqalayotgani va qo`shimcha aylanma yo`lning yo`qligi sababli yuzaga kelmoqda. Ustiga ustak rekonstruksiya munosabati bilan dehqon bozorining yopilishi tufayli ko`chma savdo rastalari yo`l ustiga chiqib, transportlar harakatini to`sib qo`ymoqda. “Gohida shu yo`lda soatlab qolib ketamiz. Ishga, bog`cha, maktabga boruvchilarning kechikkani-ku mayli. Tez yordam yoki o`t o`chirish mashinasi yarim soat kechiksa nima bo`lishini tasavvur eting. Chaqiruvchining uyi kuyib ketadi-ku”, - deydi haydovchilardan biri. Odamlarning aytishicha, ushbu ko`prikdan boshqa aylanma yo`lning yo`qligi tufayli barcha mashinalar shu yo`ldan yuradi. Aslida aylanma yo`l bor. Lekin Qishloq xo`jaligi kasb-hunar kolleji yaqinidagi eski ko`prikning yaroqsizligi tufayli bu yo`ldan foydalanib bo`lmayapti. Holbuki, xavfsizlik nuqtai nazaridan ham tuman markazini G`uzor daryosining narigi qirg`og`i bilan bog`lovchi qo`shimcha aylanma yo`l zarur. Ushbu muammoning echimi esa tuman rahbariyatining masalaga qay darajada yondashuviga bog`liq, albatta.