AsosiySiyosat

Tashqi ishlar vazirligi O`zbekiston va Tolibon harakati o`rtasida uchrashuvlar o`tkazilganini ma`lum qildi

'Tashqi ishlar vazirligi O`zbekiston va Tolibon harakati o`rtasida uchrashuvlar o`tkazilganini ma`lum qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida Afg`oniston hukumati va Tolibon harakati o`rtasidagi muzokaralarga bag`ishlangan bayonot e`lon qilindi.

«Toshkent shahrida 2018 yil 27 mart kuni bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko`maklashishga qaratilgan sa`y-harakatlarni davom ettirmoqda.

O`zbekiston o`tgan davr mobaynida Afg`oniston hukumati, AQSh, XXR, Rossiya, Xalqaro muloqot guruhiga a`zo mamlakatlar, Evroosiyo mintaqasi, Janubiy Osiyo, O`rta va Yaqin Sharq davlatlari vakillari bilan bu borada qator maslahatlashuv uchrashuvlari va muzokaralar o`tkazdi.

Ta`kidlash joizki, Afg`oniston bo`yicha forum doirasida bir ovozdan qabul qilingan, mintaqaviy va global miqyosda tinchlikka erishish, terrorizmga va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yo`lga qo`yishga qaratilgan birgalikdagi sa`y-harakatlarni nazarda tutuvchi Toshkent deklarasiyasi ushbu yo`nalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun muhim siyosiy asos bo`lib xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent konferensiyasi ishtirokchilarining umumiy pozisiyasini ro`yobga chiqarish maqsadida O`zbekiston tegishli aloqalar o`rnatib, Tolibon harakatining yuqori martabali vakillari bilan amaliy uchrashuvlar o`tkazdi. Uchrashuvlarda Afg`onistonda uzoq muddatli tinchlik-barqarorlik o`rnatish va mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan muloqot va o`zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shundan kelib chiqib, O`zbekiston Afg`oniston hukumati va Tolibon harakatining ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan o`zaro o`t ochishni to`xtatish tartibini joriy etganini olqishlaydi. O`zbekiston ushbu yarashuv Afg`oniston Prezidenti Ashraf G`anining o`t ochishni to`xtatish tartibini uzaytirish to`g`risidagi qaroriga amal qilgan holda muddatsiz tus olishiga umid qiladi.

Qaror topayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, shuningdek, O`zbekiston Respublikasining tashabbusiga asoslanib, Tashqi ishlar vazirligi tinchlik jarayonining barcha bosqichlarida O`zbekiston hududida Afg`oniston hukumati va Tolibon harakati o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratishga har tomonlama tayyor ekanini tasdiqlaydi», — deyiladi bayonotda.

    Boshqa yangiliklar