Qoraqalpog`iston Respublikasidagi 3 ming 473 fermer xo`jaligining 87 ming 791 gektar erida parvarishlanayotgan g`o`za navlari baravj o`smoqda.
Dalada ish qizg`in, ayni paytda yaganalash va begona o`tlardan tozalash ishlari yakuniga etkazildi.
– Eng muhimi, bu ishlarga byudjet tashkiloti yoki boshqa muassasalardan xodimlar jalb qilinmadi, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimi Maqset Izmuratov. – Iyun oyida hududda 24 ming 118 ishsiz fuqaro jamoat ishlariga jalb qilinib, bunga 9 milliard 582 million so`m ajratildi. Shundan 19 ming 796 fuqaro qishloq xo`jaligi ishlariga jalb qilindi. Ularga 6 milliard 312 million so`m mablag` sarflandi.
Qoraqalpog`istonda joriy yilda ilk bor paxtani klaster usulida etishtirish yo`lga qo`yilmoqda. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Ellikqal`a tumanida “Bo`ston cluster” mas`uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, u erda 381 fermer xo`jaligi tomonidan 11 ming 40 gektar maydonda paxta etishtirish rejalashtirilgan. Jamiyat va fermer xo`jaliklari o`rtasida shartnomalar tuzildi. Mazkur shartnomalarga asosan fermer xo`jaliklari tomonidan jami 24 ming 264 tonna paxta etkazib beriladi, etishtiriladigan xom ashyodan 9000 tonna tola olinib, 8000 tonna ip-kalava tayyorlanishi va ushbu mahsulotdan 5 million pogonometr jinsi matosi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, jamiyat tomonidan 150 ish o`rni yaratilgan bo`lib, yil yakuniga qadar bu ko`rsatkichni 600 ga etkazish rejalashtirilgan.






