2017 yilning 23 oktyabr kuni «Navbahor» futbolchisi Oybek Qilichev futboldan 1 yil muddatga chetlashtirilgandi.
Oybek Qilichev 2017 yilgi O`zbekiston chempionatining 25-turi doirasida «Qo`qon-1912» klubiga qarshi maydonga tushib, raqibiga nisbatan tajovuzkor hatti-harakatda bilan yodda qolgandi. Vaziyatni o`rganib chiqqan O`FA Ijroqo`mi uni bir yilga chetlashtirish barobarida, 10 million so`m miqdorida jarima ham tayin qilgandi.
O`FA rasmiy sayti xabariga ko`ra, tashkilot ijroqo`mi yig`ilishida futboldan butunlay chetlashtirilgan yosh futbolchilarga qaytadan imkoniyat berish masalasi ko`rib chiqilgan va masala ijobiy echim topgandi. Yig`ilish yakunida qo`mita a`zolari Oybek Qilichevni ham oxirgi marta afv etish masalasini o`rtaga tashlagandi.
Navbatdagi yig`ilishda Qilichev masalasi ko`rib chiqildi. «Navbahor» klubidagi ijobiy o`zgarishlar, futbolchining pushaymonligi va bu boradagi maktublari inobatga olinib, Qilichevni bugun — 18 iyun kuni ochilgan transfer oynasidan foydalanib, qayta ro`yxatga olish uchun ruxsat berildi. Buning uchun avvaldan belgilangan jarimani to`lash kerak bo`ladi.
O`FA xabarida maqsad futbolchini shunchaki jazolash emas, qilgan ishi xato ekanini unga ongli ravishda tushuntira olish ekani ta`kidlangan.
Yoshini kichiklashtirish illati sabab futboldan chetlashtirilgan, keyin esa millionlar o`yiniga qaytish imkoniyati berilgan futbolchilar hujjatlari bilan bog`liq masalalarni to`liq to`g`rilaganlaridan keyin mashg`ulotlarni boshlashlari mumkin.






