Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi butunlay yangicha, zamonaviy ko`rinish oladi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati ma`lum qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Imom Buxoriy majmuasi hududida xalqaro tajribani o`rgangan holda xalqaro ilmiy markaz qurilishi bo`yicha topshiriq berilgan edi. Shu munosabat bilan majmuaga tutash hududdan 5,8 gektar er maydoni ochilib, ilmiy markaz hamda markaz qarshisida 3 ta uch qavatli turar-joy qurilishi uchun ajratib berildi. Prezidentimizning joriy yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig`i bilan Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish loyiha-taklifi va Xartang qishlog`ining bosh reja-loyihasi ma`qullandi.

Xalqaro ilmiy markaz qurilishining umumiy loyiha qiymati 122 mlrd. so`mni tashkil etib, bugungi kunda qurilish-pudrat ishlari yakunlanish arafasida. Shu bilan birga, ilmiy markaz qarshisida 3 ta uch qavatli, 18 xonadonli turar-joylar hamda majmuaga olib boruvchi Oqdaryo–Qo`lbosti avtomobil yo`li bo`yida 62 ta milliy ko`rinishdagi 2 qavatli kottejlar qurib bitkazildi.

Xartang qishlog`ining bosh rejasi dastlab “ToshboshplanLITI” davlat unitar korxonasi loyiha tashkiloti tomonidan tayyorlanayotgan edi. Loyiha ishlarini jadallashtirish maqsadida bosh reja va batafsil loyihalashtirish rejasi “O`zshaharsozlikLITI” DUK tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ishlab chiqilgan bosh reja va loyiha taklifiga muvofiq, majmuaning umumiy joylashuv er maydoni 60,4 gektarni tashkil etib, majmua to`liq qayta rekonstruksiya qilinishi belgilandi. Jumladan, majmuaga kirish qismidagi mavjud bir qavatli binolar ikki qavatli qilib quriladi.

Shuningdek, majmuada qo`shimcha quyidagi bino-inshootlar qurilishi loyihalashtirilgan: bitta to`rt qavatli katta, 6 ta uch qavatli o`rtacha va 20 ta ikki qavatli kichik mehmonxonalar, supermarket, yirik savdo markazi;
amfiteatr binosi, dehqon bozori, hammom, ikkita tahoratxona, milliy hunarmandchilik buyumlari va suvenirlar sotadigan 16 ta savdo do`koni, choyxona, restoran, bolalar o`yin maydonchasi, uchta avtomobillar saqlash maydonchasi, minibank va boshqa obodonlashtirish ishlari.
Imom Buxoriy majmuasidan o`tuvchi Oqdaryo–Qo`lbosti avtomobil yo`li olti tasmali qilib kengaytirilib, Xartang qishlog`ini 5 km masofada to`liq aylanib o`tadi.

Majmuaning qayta qurilishi munosabati bilan ushbu hududdagi 164 ta turar-joy va 30 ta noturar-joylar – jami 194 ta bino va inshootlar buzilishga tushgan. Hozirda bu ish jadal amalga oshirilmoqda.
Ma`lumot uchun, buyuk muhaddis bobomiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy dafn etilgan mazkur yodgorlik majmuasi Islom olamida yuksak e`tiborga ega bo`lgan maskanlardan biri hisoblanadi. Sobiq sovet tuzumi davrida bu joy tashlandiq holatda bo`lgan.

Majmuaning hozirgi ko`rinishi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 29 apreldagi “Muhammad ibn Ismoil Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy 1225 yilligini nishonlash va uni o`tkazish to`g`risida”gi qarori doirasida bunyod etilgan. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida yaratilgan ushbu loyiha Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Andijon, Namangan, Qo`qon va Shahrisabzning mohir ustalari tomonidan sakkiz oy mobaynida barpo qilindi va yodgorlik majmuasi 1998 yil 23 oktyabr kuni rasman ochilgan edi.














