Bugun, 16 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`an bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon dunyosi uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat ayyomi bo`lgan qutlug` Ramazon hayiti munosabati bilan o`zaro tabrik almashdilar.
Turkiya prezidenti ushbu muborak kunlarda Toshkent shahrida Islom sivilizasiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qo`yilishini yuqori baholadi va ushbu markaz ma`rifiy islomni rivojlantirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy merosini dunyo hamjamiyatiga etkazishda katta xizmat qilishini alohida ta`kidlab o`tdi.
Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi an`anaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat o`rtasida abadiy do`stlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan ta`kidladilar.
Shu yil 29 aprel – 1 may kunlari Turkiya Respublikasi prezidentining O`zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ilk tarixiy davlat tashrifi doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar, o`zaro manfaatli hamkorlikning keng yo`nalishlari bo`yicha erishilgan aniq kelishuvlar, imzolangan muhim shartnoma va bitimlar mamlakatlar va xalqlarning ravnaqi hamda farovonligiga xizmat qilishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari savdo, investisiya, bank-moliya, transport, turizm, infratuzilma va boshqa muhim sohalardagi hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo`yicha fikr almashildi.
Suhbat so`ngida davlat rahbarlari O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi azaliy do`stlik, qardoshlik va bir-biriga hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni hamda ko`p qirrali o`zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.






